O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining muhim hamkorlaridan biriga aylanib bormoqda

O'zbekiston

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, taʼlim, qonun ustuvorligini taʼminlash, chegaralarni boshqarish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining muhim hamkori maqomiga ega boʻlmoqda. Bu haqda Daily News Hungary xabar berdi.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining muhim hamkorlaridan biriga aylanib bormoqda
Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatda yaratilgan qulay sharoitlar natijasida tomonlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalar jadal rivojlanayotganini alohida ta’kidlash joiz.

So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy sohada sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. 2023-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston umumiy savdo aylanmasining deyarli o‘ndan bir qismi (9,2 foiz) Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri keldi, bu 5,8 milliard dollarga teng.

Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar orasida Germaniya O'zbekiston uchun ayniqsa muhim investitsiya va savdo-iqtisodiy hamkor hisoblanadi. 2024-yil yanvar holatiga ko'ra, germaniyalik hamkorlar bilan qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo'lgan 100 dan ortiq qo'shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonning yana bir yirik savdo-iqtisodiy hamkori Fransiyadir. 2024-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Fransiya va Germaniya O‘zbekiston bilan eng ko‘p tovar ayirboshlash bo‘yicha yetakchi o‘ntalikka kirdi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida Litva, Chexiya va Italiya Oʻzbekistonning yetakchi savdo hamkorlari oʻntaligiga kiradi.

Qolaversa, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil iyun oyida Italiyaga davlat tashrifi chog‘ida mamlakatlar o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolanganini alohida ta’kidlash joiz. Xuddi shunday deklaratsiya Vengriya bilan 2021-yilda imzolangan edi.

Umuman olganda, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini rivojlantirish har ikki tomon uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi. Xususan, Yevropa tomoni uchun O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududi transport-logistika zanjirlarini barqarorlashtirish hamda muhim xomashyodan muqobil foydalanish imkoniyatini beradi. O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqi yangi tashqi bozorlarni topish, jahon hamjamiyatining diqqatini suv, iqlim va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga qaratish, tashqi siyosatdagi sheriklarni diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing