O'zbekistonda benzin narxi 1 oylik kechikish bilan jahon neft narxiga nisbatan uyg‘unlik koʻrsatmoqda – tahlil

O'zbekiston

Oʻzbekiston hududidagi benzin narxiga jahon bozoridagi narxlarning oʻzgarishi kechikishlar bilan ta’sir oʻtkazmoqda. Ushbu holat Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan tahlil qilindi.

O'zbekistonda benzin narxi 1 oylik kechikish bilan jahon neft narxiga nisbatan uyg‘unlik koʻrsatmoqda – tahlil
Unga ko’ra, jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi 1 oy o‘tgandan so‘ng Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin narxlarida o‘z aksini topmoqda. Masalan, 2022-yil yanvar-iyun oylarida neft narxining 39,2 foizga oshishi birjada avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxining 22,4 foizga ko‘tarilishiga olib kelgan. 2022-yil iyul-dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2 foizga tushishi ulgurji narxlarning o‘rtacha 21,3 foizga arzonlashishiga sabab bo‘lgan.

2023-yilning yanvar-may oylarida jahon bozorida narlarning barqarorlashishi hamda 2022-yilning 10-dekabridan AI-80 markali avtobenzin uchun aksiz solig‘ini nol stavkasiga tushirilishi natijasida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxlari 4848-5060 so‘m oralig‘ida shakllandi.

Lekin, 2023-yilning iyun-noyabr oylarida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi 5315 so‘mdan 5860 so‘mgacha (10,2 foiz) oshdi. Ushbu davrda jahon bozoridagi o‘rtacha neft narxi 11 foizga (73 AQSH dollaridan 81 AQSH dollarigacha) qimmatlashgan.

“Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi, shu jumladan, talab yuqori bo‘lgan AI-80 va AI-92 markali benzinlarning ulgurji narxlari jahon bozoridagi neft narxiga sezuvchan ekanligi aniqlandi. Xususan, jahon bozorida neft narxining 1 foizga ko‘tarilishi avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxlarining bir oy kechikish bilan 0,30 foizga oshishiga, shu jumladan, AI-80 benzinning 0,32 foizga, AI-92 benzinning 0,54 foizga qimmatlashishiga olib kelishi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi tahlilda.

Toshkent shahrida avtobenzinlarning o‘rtacha chakana narxlari esa o‘rtacha ulgurji narxlarga sezuvchan bo‘lib, ular bir xil o‘zgarish dinamikasiga ega. Xususan, Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin ulgurji narxlarining 1 foizga o‘sishi, Toshkent shahrida chakana narxlarning 0,29 foizga oshishiga olib kelmoqda.
Oʻzbekistonda neft va avtobenzin mahsulotlariga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanishi sababli jahon bozorida neft narxlarining o‘zgarishi ichki bozorda avtobenzin narxlariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. “Demak, O'zbekistonda avtobenzin narxlari 1 oylik kechikish bilan jahon bozorida neft narxi bilan uyg‘unlikda harakat qilmoqda”, deya xulosa qilingan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing