O‘zbekistonda turizm milliy iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmog‘idir

O'zbekiston

2-may kuni O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etdi. Bu haqda O’zbekiston Turizm qo’mitasi xabar berdi.

O‘zbekistonda turizm milliy iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmog‘idir
Qayd etilishicha, forum doirasida “Turizm va madaniy meros: Markaziy Osiyo mintaqasining xorijiy investorlar uchun jozibadorligi” mavzusida panel sessiyasi tashkil etildi.

Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Elena Son moderatorlik qilgan panel sessiyada O‘zbekiston turizmi rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan yuqori martabali mehmonlar – Arsenale Group kompaniyasi bosh direktori Paolo Barletta, IHG Hotels and Resorts direktori Aleksis Feuillat, VISA xalqaro kompaniyasi vitse-prezidenti Kristina Doros, Mangold Consulting GmbH rahbari Kristof Mangold, Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvachlar ham qatnashdi.

Sessiyasida so‘zga chiqqan Turizm qo‘mitasi rahbari O‘zbekistonda turizm milliy iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmog‘i ekanligini ta’kidladi.

“Turizm Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat milliy iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri sifatida belgilab berilgan. O‘zbekiston Hukumatining izchil siyosati tufayli qisqa vaqt ichida mamlakatimizga xorijlik sayyohlar oqimi bir necha bor ortdi. Jumladan, sayyohlarga zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha mehmonxonalar sonini ko‘paytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishni davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar berildi”, — dedi Umid Shadiyev.

Turizm qo‘mitasi raisi turizm sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilgani, bu esa turizm sohasining muvaffaqiyatli faoliyatini ta’minlash, xalqaro maydonda raqobatbardoshligini oshirishga qaratilganini alohida qayd etdi.

“Natijada o‘tgan yili turizm xizmatlari eksporti $2 milliarddan ortiqni tashkil etib, mamlakatimiz tashqi savdo balansida yetakchi o‘rinni egalladi. 2024-yilda bu ko‘rsatkichni $2,5 milliardga yetkazish niyatidamiz”, — dedi Umid Shadiyev.

Eslatib o‘tamiz, III Toshkent xalqaro investitsiya forumi 2024-yil 2–3-may kunlari Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing