O‘zbekistondagi kattalarning 64 foizi ortiqcha vaznga ega — JSST ma’lumotlari

O'zbekiston

O‘zbekiston katta yoshdagi aholining qariyb 64 foizi ortiqcha tana vazniga ega bo‘lgan davlat sifatida MDH mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etmoqda. 2024-yilga oid ushbu ma’lumotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlari asosida Our World in Data tomonidan e’lon qilingan.

O‘zbekistondagi kattalarning 64 foizi ortiqcha vaznga ega — JSST ma’lumotlari
Ta’kidlash joizki, mazkur ko‘rsatkich tana massasi indeksi (BMI) 25 yoki undan yuqori bo‘lgan katta yoshdagi aholini qamrab oladi. Ya’ni, unda ortiqcha vazn bilan bir qatorda semizlik holatlari ham hisobga olinadi. Ma’lumotlar yosh bo‘yicha standartlashtirilgan bo‘lib, turli mamlakatlar ko‘rsatkichlarini o‘zaro taqqoslash imkonini beradi.

MDH davlatlari orasida O‘zbekistondan keyingi o‘rinda Ozarbayjon turadi — 63%. Moldovada bu ko‘rsatkich 61%, Turkmaniston va Tojikistonda 58 foizdan. Qozog‘iston, Rossiya, Armaniston va Qirg‘izistonda ko‘rsatkich 56%, Belarusda esa 55%ni tashkil etadi.

Taqqoslash uchun, dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 43 foizni tashkil etadi. Eng yuqori darajalar Tinch okeani mintaqasidagi davlatlarda qayd etilgan: Tongada katta yoshdagi aholining 91 foizi ortiqcha vazn yoki semizlikka ega. Yaponiyada esa bu ko‘rsatkich 24 foizni tashkil etadi.

JSST kattalarda BMI 25 yoki undan yuqori bo‘lishini ortiqcha vazn, 30 yoki undan yuqori ko‘rsatkichni esa semizlik deb belgilaydi. Tashkilot semizlikni ovqatlanish, jismoniy faollik va atrof-muhit kabi bir qator omillar bilan bog‘liq surunkali kasallik sifatida baholaydi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing