Peskov Tramp aytgan "qurbonlar sonini" rad etdi

Dunyo

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml jurnalistlari bilan bo‘lib o‘tgan brifingda “Yo‘qotishlarning haqiqiy raqamlari mutlaqo boshqacha” ekanini ta’kidladi.

Peskov Tramp aytgan "qurbonlar sonini" rad etdi
“Yo‘qotishlar borasida keltirilgan raqamlar Ukraina nuqtayi nazariga asoslangan va ularning rasmiy pozitsiyasini aks ettiradi. Haqiqiy yo‘qotishlar soni mutlaqo boshqacha. Ukraina yo‘qotishlari Rossiya yo‘qotishlaridan bir necha barobar ko‘p,” — dedi Peskov.

Shuningdek, Peskov Ukraina bilan muzokaralar olib borish imkoniyatini rad etib, bu masalada Vladimir Zelenskiyning prinsipial pozitsiyasiga ishora qildi.

“Bu yerda eslatib o‘tish muhimki, muzokaralardan voz kechgan va hozirgacha voz kechayotgan tomon aynan Ukraina. Bundan tashqari, Zelenskiy o‘z farmoni bilan o‘zi va ma’muriyatiga Rossiya rahbariyati bilan har qanday aloqalarni taqiqladi.

Ularning pozitsiyasi o‘zgarmayapti. Shu bilan birga, tinchlikka erishish uchun Zelenskiy ushbu farmonni bekor qilib, Istanbul kelishuvlari asosida, real vaziyatni inobatga olgan holda muloqotni qayta tiklashni buyurishi kifoya,” — deb Peskovning so‘zlarini Kremlning rasmiy portali keltirgan.

Bundan oldin AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Zelenskiyning urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekanini, shuningdek, Ukrainada 400 ming, Rossiyada esa 600 ming qurbon borligini aytgan edi.

Keyinroq Zelenskiy boshqa raqamlarni ma’lum qildi: uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi urushda 750 ming kishini yo‘qotgan, shundan 198 ming kishi halok bo‘lgan, 550 mingdan ortiq kishi yaralangan. Ukraina yo‘qotishlarini esa Zelenskiy 43 ming halok bo‘lgan va 370 ming “yordam ko‘rsatilgan yaradorlar” sifatida baholagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing