"Polsha maktablarida o'quvchilarni urushga tayyorlashyapti"

Dunyo

Polsha hukumati maktab o‘quvchilari uchun majburiy boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini, jumladan, o‘q otishni o‘rgatish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini o‘qitishni joriy qildi. Mazkur yangilik «Ukrainadagi urush munosabati bilan davlat xavfsizligiga o‘sib borayotgan tahdidlarga» javob qaytarishga mo‘ljallangan.

"Polsha maktablarida o'quvchilarni urushga tayyorlashyapti"
Yangi fan «Xavfsizlikka o‘rgatish» nomini olgan. Boshlang‘ich maktablarning 8-sinflari va o‘rta maktabning 1-sinflari (14-16 yoshli o‘smirlar) mazkur darslarga kirishga majbur. Bu turdagi darslar Polshada 2022 yildan beri mavjud, ammo ular oldin ixtiyoriy edi.

Endi Milliy mudofaa vazirligi bilan kelishilgan o‘quv dasturidan «o‘t ochishga tayyorgarlik», «o‘q otish mahoratini oshirish», «qutqaruv operatsiyalari asoslari» va «harbiy harakatlar sharoitida tahdidlarga qarshi tura olish» mashg‘ulotlari o‘rin olgan. Shuningdek, dastur qurollarni yoyib-yig‘ish, nishonlarni aniq mo‘ljalga olish bo‘yicha mashqlarni ham o‘z ichiga oladi.

Mashg‘ulotlar maktablarning sport zallarida o‘tkaziladi, jangovar patronlar o‘rniga lazer nurlaridan foydalaniladi. «Boshlang‘ich maktablarda talablar qurol bilan xavfsiz muomala qilish bo‘yicha nazariy tayyorgarlikni o‘z ichiga oladi. O‘rta maktablarda amaliy komponentlarga ega bazaviy otish tayyorgarligi mashqlari xavfsiz instrumentlardan foydalanilgan holda o‘tkaziladi», — deyiladi xabarda.

Harbiy tayyorgarlik asoslari mashg‘ulotlariga haftasiga bir soatdan ortiq vaqt ajratilmaydi. Ta’limning asosiy vazifasi — davlat xavfsizligini, favqulodda vaziyatlarda qutqaruv ishlarini ta’minlashdir.

Eslatib o'tamiz, bundan bir necha oy oldin O'zbekistonda ham, shunga o'xshash hukumat qarori qabul qilingan edi. Unga ko'ra o‘quvchilarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimiga e’tibor kuchaytiriladi. Yuqori sinflarda harbiy vatanparvarlik darslari bir soatga ko‘paytirildi. Ushbu yo‘nalish o‘qituvchilari nufuzini oshirish uchun ularga harbiy unvon berish tartibi belgilangan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing