Prezident mahallalardagi boshqaruv tizimini yangilashni e’lon qildi

O'zbekiston

Mahallalar faoliyati samaradorligini oshirish, mahalliy rahbarlarning mas’uliyatini kuchaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishining asosiy mavzularidan bo‘ldi. Davlat rahbari mavjud resurslardan samarali foydalanish, tashabbuskorlik va amaliy natijalar bugungi kunning eng muhim mezoni ekanini ta’kidladi.

Prezident mahallalardagi boshqaruv tizimini yangilashni e’lon qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarda yangi boshqaruv muhitini joriy etish va «mahalla yettiligi» faoliyatini qayta tashkil etishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda hududlarni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va iqtisodiy faollikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yilda har bir tumanga o‘rtacha 250 milliard so‘m, har bir mahallaga esa 5,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Tuman hokimlari va mahalla raislarining moliyaviy vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududlarda qolayotgan qo‘shimcha daromadlar ikki baravar oshdi. O‘rtacha har bir tumanda 22 milliard so‘m, mahallalarda esa 150–200 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ shakllandi.

Prezident bugungi kunda mahalliy rahbarlarda muammolarni hal etish uchun zarur vakolat va resurslar mavjudligini, biroq ayrim joylarda tashabbus va mas’uliyat yetishmayotganini ta’kidladi. Mahalla raislari hududlarning bosh rejasini ishlab chiqish, bo‘sh turgan yer va binolarni iqtisodiy aylanishga kiritish hamda rivojlanish bo‘yicha aniq takliflar berishi lozimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda yil boshidan buyon Xalq qabulxonalari orqali ayrim mahallalardan 200 dan ortiq murojaat kelib tushgani, «Tashabbusli budjet» dasturi doirasida 7,5 trillion so‘m ajratilganiga qaramay, 2 136 ta mahallada birorta loyiha amalga oshirilmagani tanqid qilindi.

Bandlik masalalari ham muhokama qilindi. Olti oy davomida banklar tomonidan 18,5 trillion so‘mlik kichik loyihalar moliyalashtirilib, 110 mingdan ortiq mikroloyiha amalga oshirildi va 259 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, ayrim hududlarda yangi loyihalar soni juda pastligi qayd etilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing