Prezident sanoat o‘sishini jadallashtirish va davlat korxonalari samaradorligini oshirishni talab qildi

O'zbekiston

Prezident raisligida sanoat, eksport, davlat korxonalari samaradorligi va soliq tushumlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari tizimli muammolarni bartaraf etish, iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish hamda barcha yo‘nalishlarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishishni talab qildi.

Prezident sanoat o‘sishini jadallashtirish va davlat korxonalari samaradorligini oshirishni talab qildi
Prezident birinchi chorak yakunlari bo‘yicha sanoat va eksport rejalari bajarilmagani sabab ayrim hududlar rahbarlariga nisbatan kadrlar bo‘yicha choralar ko‘rilganini eslatdi. Aksariyat hududlar keyinchalik olti oylik prognozlarni bajargan bo‘lsa-da, ayrim tuman va shaharlarda sanoat o‘sishi hamda eksport sur’atlari hanuz pastligicha qolayotgani qayd etildi. Bosh vazirga 17 nafar hudud rahbarining faoliyatini baholash, to‘qqiz oy yakunlariga qadar ijobiy natijalar bo‘lmasa, qo‘shimcha kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilish topshirildi.

Yig‘ilishda strategik korxonalar faoliyati ham batafsil tahlil qilindi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati hamda “O‘zkimyosanoat” korxonalarida mahsulot tannarxi oshgani qayd etildi. Xarajatlarni samarali boshqarish va korxonalar raqobatbardoshligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Franklin Templeton kompaniyasi tahliliga ko‘ra, yirik davlat kompaniyalarida katta ichki zaxiralar mavjud. Xususan, Uzbekistan Airways yo‘nalishlarni samarasiz rejalashtirish, parvozlar kechikishi va ayrim xizmatlarda raqobat yetarli emasligi sabab yiliga qariyb 120 million AQSH dollari miqdoridagi daromadni yo‘qotmoqda. Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasining bozor qiymatini ikki baravar, Uzbekistan Airwaysniki 40 foizga, Uztelecomniki esa 50 foizga oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Energetika sohasida ham yo‘qotishlar yuqoriligicha qolmoqda. Birinchi yarim yillikda elektr energiyasi yo‘qotishlari 17,2 foiz yoki 4,8 milliard kVt-soat, tabiiy gaz yo‘qotishlari esa 797 million kub metrni tashkil etdi. Kelgusi o‘n yil ichida energetika infratuzilmasini rivojlantirish uchun 8 milliard AQSH dollari investitsiya zarurligi ta’kidlandi.

Soliq tushumlari masalasi ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Soliq tushumlari 27 foizga oshib, 130 trillion so‘mdan oshganiga qaramay, qo‘shimcha tushumlar rejasi atigi 40 foizga bajarilgani qayd etildi. Tahlillar yakunida Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Hududlar rahbarlari va soliq organlariga yirik soliq to‘lovchilardan soliqlarni to‘liq undirish vazifasi yuklatildi.

Prezident ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish masalasiga ham to‘xtaldi. Kredit nizolari sabab 16 ta to‘qimachilik korxonasi deyarli faoliyat yuritmayapti. Natijada 5 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati va 400 million AQSH dollarlik eksport yo‘qotilgan. Hukumatga ushbu korxonalar faoliyatini tiklash topshirildi.

Shuningdek, yil boshidan buyon 57 ta tarmoq va 76 ta hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi 11 trillion so‘mga kamaygani qayd etildi. Bosh vazir o‘rinbosariga o‘n kun muddatda har bir korxona bo‘yicha alohida tahlil o‘tkazib, ishlab chiqarish hajmini tiklash choralarini ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda davlat mulkini xususiylashtirishning yangi bosqichi ham e’lon qilindi. Dastur doirasida 1,3 mingta ko‘chmas mulk obyekti, 8 ming gektar yer maydoni va 66 ta korxonadagi davlat ulushlari savdoga chiqariladi. Tadbirkorlar uchun boshlang‘ich to‘lov 30 foizdan 15 foizgacha kamaytiriladi, qolgan mablag‘ esa foizsiz to‘lash imkoniyati bilan taqdim etiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing