Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi

O'zbekiston

Yig‘ilishda kredit resurslaridan foydalanish samaradorligiga alohida e’tibor qaratildi: so‘nggi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trillion so‘m yo‘naltirilgan, biroq ularning natijadorligi hududlar kesimida sezilarli darajada farq qilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi
Yil boshida mamlakatda kambag‘allik darajasi 5,8 foizni, ehtiyojmandlar soni esa 2,2 million kishini tashkil etgan. Hozirda bu ko‘rsatkich 1,5 million kishigacha qisqardi. Ishlarni samarali tashkil etish natijasida 49 ta tuman va 3 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylanmoqda.

Shu bilan birga, 159 ta tuman va shaharda hamda 5 536 ta mahallada natijalar yetarli emasligi qayd etildi. Davlat rahbari barcha hududlarga bir xil vakolat, resurs va imkoniyatlar berilganini ta’kidlab, ulardan samarali foydalanishni ta’minlash zarurligini qayd etdi.

Yig‘ilishda joylardagi past natijadorlik sabablari ham tahlil qilindi. “Mahalla yettiligi” faoliyati uchun mas’ul rahbarlar qabul qilingan qarorlarni ijro etish bo‘yicha xodimlarga har doim ham aniq ko‘rsatmalar bermayotgani ta’kidlandi. Kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish uchun mas’ul xodimlarning javobgarlikdan qochish holatlari ham tanqid qilindi.

Kreditlash samaradorligidagi farq tumanlar misolida ko‘rsatib berildi. Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga 2,3 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilgan. Sharof Rashidov tumanida ushbu mablag‘lar hisobidan 30 ming kishi kambag‘allikdan chiqarilgan — bir kishiga o‘rtacha 78 million so‘mdan to‘g‘ri kelgan. Qarshi tumanida esa 13 ming nafar ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan, bunda bir kishiga 176 million so‘mdan to‘g‘ri kelgan.

Qamashi va Piskent tumanlariga 1,1 trillion so‘mdan ajratilgan. Qamashi tumanida 28 ming kishi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, Piskent tumanida bu ko‘rsatkich 4,5 ming kishini tashkil etgan. Piskent tumanida kambag‘allikdan chiqarilgan bir kishiga 250 million so‘m kredit mablag‘i to‘g‘ri kelmoqda.

«So‘nggi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Biroq kreditlarning kambag‘allikni qisqartirishga ta’siri barcha tumanlarda bir xil sezilmayapti», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing