Hokim yordamchilari loyihaviy yondashuvga o‘qitiladi, ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy ko‘mak kengaytiriladi

O'zbekiston

O‘zbekistonda hokim yordamchilari va mahalla bankirlarini tayyorlash tizimi kuchaytiriladi, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari esa kengaytiriladi. Shu maqsadda xorijiy mutaxassislar jalb etiladigan maxsus o‘quv markazi tashkil etiladi, ehtiyojmandlikni baholash tizimiga esa yangi mezonlar kiritiladi.

Hokim yordamchilari loyihaviy yondashuvga o‘qitiladi, ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy ko‘mak kengaytiriladi
Ikki oy ichida hokim yordamchilarini “loyihabay” ishlashga o‘rgatadigan o‘quv markazini tashkil etish topshirildi. Yil yakuniga qadar har bir tumandan eng yaxshi ikki nafar hokim yordamchisi Xitoy, Yaponiya va Turkiyaga malaka oshirishga yuboriladi. Eng namunali xodimlarga alohida malaka darajasi berilib, 50 foizgacha ustama to‘lanadi. Mahalla bankirlari uchun ham xuddi shunday o‘quv va xorijiy stajirovka tizimi joriy etiladi.

Bosh prokuraturaga bankirlar va hokim yordamchilarining mustaqil qaror qabul qilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.

Tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi. Tumanlar bunday loyihalarning buyurtmachisiga aylanadi, mablag‘lar esa bevosita joylarga yo‘naltiriladi. Tuman shtablari rahbarlari loyihalarni ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘ladi, loyihalash, qurilish va sifat nazoratini xususiy sektorga topshirishga ruxsat beriladi.

Ijtimoiy himoya yo‘nalishida ham yangi yondashuvlar belgilandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini ijtimoiy reyestrga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Daromad bilan bir qatorda surunkali kasallik, nogironlik, ko‘p bolalilik va oila a’zosining xorijda ishlashi kabi omillar ham hisobga olinadi.

Respublikada kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgan bo‘lsa-da, uch yoshgacha farzandi bor oilalarda bu ko‘rsatkich 6,5 foizni tashkil etmoqda. “Bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallada ishli va daromadli qiladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz”, — dedi Prezident.

Joriy yilda mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalarga “passiv daromad” keltiradigan ijtimoiy paket uchun 300 milliard so‘m ajratilgan. Ushbu yordamni olgan 11 ming oilaning qariyb yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi.

Kelasi yildan ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning davlat va xususiy bog‘cha, o‘quv markazi, yo‘lkira hamda oliygoh yotoqxonasi xarajatlarini vaucher orqali qoplash rejalashtirilmoqda. Vaucher 12 oy amal qiladi va oila reyestrdan chiqarilgandan keyin ham o‘z kuchini saqlab qoladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing