Prezident Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari bilan uchrashdi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni nufuzli "Katta dubulg‘a" turniri doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) rahbari Marius Vizerni qabul qildi.

Prezident Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari bilan uchrashdi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston jahon dzyudosining muhim qismiga aylandi. 2022-yilda mamlakatda kattalar o‘rtasida jahon chempionati, 2023-yilda esa harbiy xizmatchilar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazildi. Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova ushbu sport turida mamlakatimiz tarixida ilk bor oltin medalni qo‘lga kiritib, o‘z nomini tarixga muhrladi.

Uchrashuvda asosiy masalalar muhokama qilindi:

Xalqaro ekspertlar ishtirokida sportchilar, trenerlar va hakamlar tayyorlashni kuchaytirish.

Yosh iste’dodlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish.

O‘zbekistonda, shu jumladan mintaqalarda xalqaro musobaqalarni kengaytirish.

Sport infratuzilmasini rivojlantirish va yoshlarni, ayniqsa, qizlarni dzyudoga jalb qilish.

IJF rahbari O‘zbekistonning sport va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. O‘zbekiston Prezidenti dzyudo rivojiga qo‘shgan hissasini e’tirof etib, Marius Vizerni "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotladi.

Uchrashuvda erishilgan kelishuvlar milliy dzyudo maktabini yangi bosqichga olib chiqish va O‘zbekistonning jahon sport maydonidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing