Putin ilk bor Kuril orollariga tashrif buyurdi — Yaponiya qat’iy norozilik bildirdi

Dunyo

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ilk bor shaxsan Kuril orollariga tashrif buyurib, arxipelagdagi eng yirik orol — Iturupga bordi. Tashrif Tokio tomonidan keskin munosabat bilan kutib olindi: Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga qat’iy norozilik bildirdi.

Putin ilk bor Kuril orollariga tashrif buyurdi — Yaponiya qat’iy norozilik bildirdi
Putinning Iturupdagi dasturining dastlabki bandi baliqni qayta ishlash majmuasiga tashrif bo‘ldi. Bu Rossiya prezidentining Sibir va Uzoq Sharq bo‘ylab ish safari doirasida amalga oshirildi. Bungacha Rossiya davlat va hukumat rahbarlari Kuril orollariga besh marta tashrif buyurgan: Dmitriy Medvedev to‘rt marta, jumladan 2010-yilda prezident sifatida, 2012, 2015 va 2019-yillarda esa bosh vazir sifatida borgan. 2021-yilda Iturupga Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin tashrif buyurgan.

Putinning hozirgi tashrifi uning orollarga ilk shaxsiy safari bo‘ldi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Iturupda Rossiya prezidenti baliqni qayta ishlash korxonasiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishgan va mahalliy aholi bilan muloqot qilgan.

Yaponiya hukumati Iturup va Kuril orollarining janubiy qismini «Shimoliy hududlar» deb ataydi. Tokio ushbu hududlarni tarixiy va huquqiy nuqtayi nazardan Yaponiyaning ajralmas hududi deb hisoblashini ma’lum qildi. Yaponiya TIV Putinning tashrifi munosabati bilan Rossiya tomoniga qat’iy norozilik bildirgan.

Janubiy Kuril orollari bo‘yicha hududiy nizo Rossiya va Yaponiya munosabatlaridagi asosiy hal etilmagan masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Orollarning maqomi yuzasidan kelishmovchiliklar sabab ikki davlat Ikkinchi jahon urushi yakunlari bo‘yicha tinchlik shartnomasini hanuz imzolamagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing