Putin Rossiya kemalarining qo‘lga olinishi uchun «ko‘zgu» javobi bo‘lishidan ogohlantirdi

Dunyo

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yevropa davlatlari tomonidan Rossiya savdo kemalarining ehtimoliy ushlanishiga Moskva javob berishga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, javob choralar faqat Rossiya kemalari ushlangan hududlarda emas, balki Rossiya tomoni zarur deb hisoblagan boshqa joylarda ham amalga oshirilishi mumkin.

Putin Rossiya kemalarining qo‘lga olinishi uchun «ko‘zgu» javobi bo‘lishidan ogohlantirdi
Putin Rossiyaning «soya floti»ga aloqador kemalarni qo‘lga olish ehtimolini «bosqinchilik va qaroqchilik» deb atadi hamda Rossiya «ko‘zgu» tamoyili asosida javob berishga majbur bo‘lishini aytdi. U bu bayonotni 12 avgust kuni Saxalinda Tinch okeani floti harbiy xizmatchilari bilan uchrashuv chog‘ida bildirdi.

Tinch okeani floti qo‘mondoni Viktor Liina Rossiya harbiylarida «do‘st bo‘lmagan davlatlar» kemalarini tekshirish imkoniyatlari mavjudligini va berilgan topshiriqlarni bajarishga tayyorligini ma’lum qildi.

Bayonot Yevropa davlatlari Rossiyaning «soya floti»ga qarshi choralarni kuchaytirayotgan bir paytda yangradi. 2 avgust kuni Italiya boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi missiyasi O‘rta yer dengizida Rossiyaning «soya floti» bilan bog‘liq Toa Payoh tankerini tekshirgan. Missiya vakolatlari cheklangani sababli kema musodara qilinmagan, biroq to‘plangan hujjatlar keyingi huquqiy choralar uchun asos bo‘lishi mumkin.

Rossiya rasmiylari avval ham G‘arb davlatlarining Rossiya bilan bog‘liq kemalarga nisbatan choralariga javob qaytarish ehtimoli haqida ogohlantirgan edi. Putinning yangi bayonoti javob choralarini kemalar ushlangan hududlardan tashqariga ham kengaytirish ehtimolini ko‘rsatdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing