Qatar Amiri davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keladi

Siyosat

Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5-6-iyun kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda bo‘ladi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 25 yildan ziyod tarixida birinchisi hisoblanadi.

Qatar Amiri davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy 5-6-iyun kunlari davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda bo‘ladi. Oliy martabali mehmon tashrifining asosiy tadbirlari Samarqand shahrida oʻtkaziladi.

Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Bunda, eng avvalo, faol siyosiy muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish e’tibor markazida bo‘ladi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalarini ham muhokama qiladi. Uchrashuv yakunida salmoqli hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Qatar Davlati Amirining Oʻzbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 25 yildan ziyod tarixida birinchisi bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing