Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orol turizmi” haftaligi bo‘lib o‘tadi

O'zbekiston

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri va Mo‘ynoq tumanida 16–19-aprel kunlari “Orol turizmi” haftaligi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Turizm vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orol turizmi” haftaligi bo‘lib o‘tadi
Xabar qilinishicha, haftalik doirasida “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, “Orol rassomlar nigohida” ijodiy ko‘rgazmasi va pleneri bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazmada yosh havaskor va professional rassomlarning Orol haqidagi rasmlari namoyish qilinadi.

Shuningdek, 18-aprel kuni Mo‘ynoqda 2 km masofaga yugurish bo‘yicha “Aral Sea Eco Race” eko-marafoni o‘tkaziladi. Bunda ishtirokchilar dastlab daraxt ekiladigan maydonchagacha 1 km masofani bosib o‘tishadi, maydonchada daraxt ekishadi va yana marraga qaytishadi (1 km masofa). Finish chizig‘ida har bir ishtirokchi tabiatni tiklash loyihasidagi ishtiroki uchun ramziy daraxt ko‘rinishidagi medal bilan taqdirlanadi.

Marafonda ishtirok etish uchun prorun.uz orqali ro‘yxatdan o‘tish lozim.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilarini “Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” gastronomik festivali hamda tarixiy obidalarga unutilmas sayohat kutmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing