Qoraqalpog‘istonda kasbiy ta’lim va yuqori texnologik tibbiyot kengaytiriladi

O'zbekiston

Qoraqalpog‘istonda kasbiy ta’lim tajribasi kengaytiriladi, maktabgacha ta’limdan foydalanish imkoniyatlari oshiriladi va yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko‘lami kengayadi. Shu bilan birga, mutaxassislar tayyorlash va mahallalarda yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yangi choralar ko‘riladi.

Qoraqalpog‘istonda kasbiy ta’lim va yuqori texnologik tibbiyot kengaytiriladi
Nukus shahridagi 1-son texnikumda 70 ta davlatda qo‘llaniladigan Britaniyaning Pearson BTEC dasturi joriy etilgan. Tadbirkor Salovutdin Ilyosov 37 turdagi kichik asbob-uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yoshlarni ularni tayyorlashga o‘rgatmoqda. Ushbu uskunalardan foydalangan 4 ming ishsiz daromad topishni boshlagan. Yangi yildan tajriba Amudaryo, Beruniy, Chimboy va Qo‘ng‘irot tumanlaridagi yana bittadan texnikumda joriy etiladi. 1-oktabrdan uskunalar uchun ssuda 20 mln so‘mdan 50 mln so‘mgacha oshiriladi, “Usta-shogird” asosida kasb o‘rganish xarajatlarini qoplash bo‘yicha yosh chegarasi esa 30 yoshdan 40 yoshga ko‘tariladi.

Qoraqalpog‘istonda maktabgacha ta’lim qamrovi 84 foizga yetgan. Xususiy bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, besh yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit beriladi. Boshqa hududlarda stavka markazdan uzoqligiga qarab 7–15 foizni tashkil etadi.

Hududda yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ham rivojlanmoqda. Nukus markaziy shifoxonasida jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilmoqda, Orolbo‘yi bolalar shifoxonasida 150 turdagi yuqori texnologik xizmat ko‘rsatilmoqda. Yil boshidan bosh miya, yurak va plastik jarrohlik kabi murakkab yo‘nalishlarda 1,5 mingta operatsiya o‘tkazildi. Tibbiyot muassasalariga $10 mlnlik jihozlar olib berildi va tibbiy sug‘urta mexanizmi joriy etildi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan Nukus tibbiyot ilmiy akademiyasi tibbiyot xodimlarining bilimini baholash va malakasini oshirish bo‘yicha metodik markazga aylanadi. Akademiya, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazi va yangi ko‘p tarmoqli shifoxona Universitet tibbiy klasteriga birlashtiriladi.

1-yanvardan Mo‘ynoqda ishlayotgan shifokorlarga to‘lanayotgan 200 foizgacha ustama Bo‘zatov va Taxtako‘pirda ham joriy etiladi.

Yig‘ilishda mahallalarni obod qilishda ko‘cha va mahalla biylari hamda nuroniylarning mavqeidan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Tozalik, ko‘kalamzorlashtirish va hududlarni obod saqlash bir martalik tadbir emas, kundalik madaniyatga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing