Qoraqalpog‘istonda ozuqa, bog‘dorchilik va poliz mahsulotlari yetishtirish kengaytiriladi

O'zbekiston

Qoraqalpog‘istonda ozuqa yetishtirish, chorvachilik, bog‘dorchilik va poliz mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida bandlikni oshirish va yoshlar uchun axborot texnologiyalari hamda logistika sohalarida yangi imkoniyatlar yaratish vazifalari belgilandi.

Qoraqalpog‘istonda ozuqa, bog‘dorchilik va poliz mahsulotlari yetishtirish kengaytiriladi
Taxtako‘pir tumanida Shinjon tajribasi asosida ozuqa yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Mo‘g‘uliston, Turkiya, Xitoy va Avstraliyadan 5 ming bosh qo‘y-echki olib kelinib, Qoraqalpog‘iston sharoitida ko‘paytiriladi. Bir oyda 1 ming gektar yer belgilanadi, yil yakunigacha 10–15 ming gektarlik loyihalar shakllantiriladi. Bir yil ichida 100 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

“Kegeyli naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan tanishilgach, bir yil ichida parranda yetishtirish quvvatini 2–3 karra oshirish va korxonani xoldingga aylantirish topshirildi. Kegeyli texnikumida parranda yetishtirish bo‘yicha kurslar tashkil etiladi. Rasmiy ma’lumotlarda tumandagi yirik parrandachilik majmuasining faoliyati ham qayd etilgan.

Qoraqalpog‘istonda 30 ming gektarda sho‘rga chidamli olxo‘ri va kechki o‘rik plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshiriladi. Joriy yilda ishlar 10 ming gektarda boshlanadi. Har bir hududga yer ajratilib, kafolatli suv ta’minoti yaratiladi, Bog‘dorchilik agentligi esa iqlimga mos ko‘chat navlari va ekish texnologiyalarini taqdim etadi. Bog‘dorchilikda 20 ming odamni ishli qilish va uch yilda meva eksportini kamida $500 mln ga yetkazish maqsad qilingan. Kegeyli tumanidagi 330 gektarlik sanoatlashgan bog‘ tajribasi butun hududga kengaytiriladi.

Kelgusi bahordan Nukus tumanida 10 ming gektarda qovun yetishtirish boshlanadi. Ispaniya, AQSh, Niderlandiya va Xitoydan navlar, urug‘chilik va agrotexnologiya mutaxassislari jalb qilinadi. Tuman texnikumida laboratoriya va sinov poligoni tashkil etilib, u hududlararo metodik markazga aylantiriladi.

Nukusdagi “Yangi O‘zbekiston” — “Nukus siti” massivi 270 gektarda barpo etilmoqda. Unda turar joy, biznes, savdo va servis infratuzilmasi yaratiladi.

Yoshlar bandligiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qoraqalpog‘istondagi 1,1 mln yoshning 505 mingi 14–30 yoshda. Bir yilda 1 ming, keyingi ikki yilda yana 5 ming yoshni IT va logistika sohalarida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Yil yakunigacha xorijdagi kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni hududga jalb etib, loyihalar boshlash rejalashtirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing