«Qovun sayli» ilk bor Krasnoyarskda o‘tkazildi

O'zbekiston

O‘zbek milliy bayrami — «Qovun sayli» ilk bor Krasnoyarskda o‘tkazilib, vatandoshlar, shahar aholisi va Markaziy Osiyo davlatlari vakillarini birlashtirdi. Keng ko‘lamli madaniy tadbir O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

«Qovun sayli» ilk bor Krasnoyarskda o‘tkazildi
Bayram Krasnoyarsk o‘lkasidagi turli korxonalarda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonliklar hamda ko‘plab mehmonlarni jamladi. O‘zbekiston Bosh konsuli Aslam Akbarov «Qovun sayli» o‘zbek xalqining mehnatsevarligi va mahoratini, shuningdek, mehmondo‘stligi, samimiyligi va insonparvarligini aks ettirishini ta’kidladi.

Rossiya shaharlari orasida ushbu bayram aynan Krasnoyarskda bunday formatda o‘tkazilayotgani alohida qayd etildi. Tashkilotchilar buni xorijda yashayotgan vatandoshlarning jipsligi va milliy an’analarni asrab-avaylashga bo‘lgan intilishining ifodasi sifatida baholadi.

Krasnoyarskning davlat va jamoatchilik vakillari O‘zbekiston madaniyati va san’atining boyligi hamda o‘ziga xosligini yuqori baholab, o‘zbek diasporasiga uning tarixi, an’analari va madaniy o‘zligini saqlashda ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Dasturga Farg‘onadan tashrif buyurgan «Fantaziya» raqs teatrining chiqishi alohida fayz bag‘ishladi. O‘zbek milliy qo‘shiq va kuylarini Ulug‘bek Hoshimov hamda Nizomjon Vahobov ijro etib, doira va tanbur chalish mahoratini namoyish etdi.

Bayram Krasnoyarsk o‘lkasi Xalqlar do‘stligi uyida tashkil etilgan gala-konsert bilan yakunlandi. O‘zbek san’atkorlarining chiqishlari tomoshabinlarning davomli olqishlariga sazovor bo‘lib, Krasnoyarskdagi ilk «Qovun sayli»ning yorqin yakuniga aylandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing