Raqamli tibbiyot, telemeditsina va kadrlar: O‘zbekiston hamda Rossiyaning yangi kelishuvlari

O'zbekiston

O‘zbekiston va Rossiya sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Asosiy e'tibor raqamli tibbiyot, telemeditsina, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashga qaratildi.

Raqamli tibbiyot, telemeditsina va kadrlar: O‘zbekiston hamda Rossiyaning yangi kelishuvlari
Rossiyaga amalga oshirilgan ishchi tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi hukumat, vazirlik va federal idoralar rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Delegatsiyaga Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Tamila Aliyeva va sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchilik qildi.

Muzokaralarda sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, telemeditsinani rivojlantirish, bemorlarni masofadan monitoring qilish hamda o‘zbekistonlik shifokorlarning Rossiyaning yetakchi tibbiyot va ilmiy markazlarida malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar onkologiya, radiologiya, yadro tibbiyoti, gematologiya, shoshilinch tibbiy yordam, reabilitatsiya va palliativ tibbiyot yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratdi. Shuningdek, qon xizmati, transplantologiya, biologik xavfsizlik va donorlik faoliyatini raqamli boshqarish bo‘yicha ham tajriba almashildi.

Delegatsiya Rossiyaning majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi, Falokatlar tibbiyoti markazi hamda yetakchi ilmiy-tibbiy markazlar faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, sanitariya-epidemiologik nazorat, molekulyar diagnostika va infeksion kasalliklarning oldini olish masalalari yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tashrif yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini tasdiqladi. Erishilgan kelishuvlar zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish, tajriba almashish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing