Rossiya TIV dron hujumlari bo‘yicha keskin ogohlantirish bilan chiqdi

Dunyo

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi (TIV) Kiyev rejimining Rossiya tinch aholisiga qarshi navbatdagi hujumi yuzasidan qattiq ogohlantiruvchi rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Rossiya TIV dron hujumlari bo‘yicha keskin ogohlantirish bilan chiqdi
Bayonot shunday so‘zlar bilan boshlangan: "11-mart kuni tungi soatlarda Kiyevning neofashistik xuntasi yana o‘zining qo‘rqoq va terroristik mohiyatini namoyish etib, Rossiyaning turli hududlariga, jumladan, Moskva va Moskva viloyatiga portlovchi elementlarga to‘ldirilgan dronlar bilan keng qamrovli hujum uyushtirdi.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari 337 ta dronni urib tushirdi. Ularning 126 tasi Kursk viloyati, 91 tasi Moskva viloyati, 38 tasi Bryansk viloyati, 25 tasi Belgorod viloyati va 22 tasi Ryazan viloyati hududida yo‘q qilindi. Afsuski, bu hujum qurbonlarsiz o‘tmadi – ko‘plab tinch aholi, jumladan, bolalar ham jabrlangan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu jinoyat bo‘yicha tezkor tergov harakatlarini boshladi. Hujum tafsilotlari o‘rganilmoqda, va ushbu terroristik xurujni uyushtirgan hamda unga javobgar bo‘lgan shaxslarning barchasi muqarrar jazoga tortiladi.

Rossiyaning turli viloyatlarida tinch aholini shafqatsizlarcha nishonga olgan hujumlar Zelenskiy rejimining qonunga zid, korrupsiyaga botgan va g‘arb homiylari manfaatiga xizmat qilayotgan terror siyosatini yana bir bor namoyish etdi. Ushbu neofashistik tuzum o‘zining ojiz g‘azabi bilan begunoh insonlarni yo‘q qilishga intilmoqda.”

Shuningdek, bayonotda ushbu hujum aynan Saudiya Arabistonida AQSh va Ukraina o‘rtasida mojaroni tartibga solish bo‘yicha muzokaralar rejalashtirilgan sanaga to‘g‘ri keltirilganligi, shu bilan bir qatorda, Moskvada xizmat safari bilan bo‘lib turgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi F. Sinirliogluga ham yo‘llangan signal bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.

"Aslida esa, Zelenskiy rejimi real voqelik bilan bog‘liqligini yo‘qotgan holda, harbiy mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga siyosiy irodasi yo‘qligini yana bir bor namoyon etdi. U hanuzgacha Rossiyani yengish xomxayoliga berilib, bu yo‘lda terror metodlaridan faol foydalanmoqda hamda o‘z ittifoqchilarini ham tajovuzkor harakatlarga tortishga urinmoqda.

❗ Shubhasiz, ushbu terror hujumi uchun mas’uliyat Ukrainani o‘q-dorilar va halokatli qurollar bilan ta’minlashni davom ettirayotgan barcha davlatlarning zimmasida. Bu davlatlar Kiyev rejimining qonli jinoyatlariga bilvosita sherik bo‘lmoqda. Ushbu rejimni qo‘llab-quvvatlash esa, bevosita uning jinoyatlariga sheriklik qilish bilan tengdir", degan ogohlantirish bilan bayonot yakunlangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing