Rossiyaning 39 ta hududida 12,7 mingdan ortiq turarjoy binolari suv ostida qolmoqda

Dunyo

Rossiya Federatsiyasining 39 ta hududida 12,7 mingdan ortiq turarjoy binolari va 22 ming tomorqa yerlari suv ostida qolmoqda. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiyaning 39 ta hududida 12,7 mingdan ortiq turarjoy binolari suv ostida qolmoqda
Qayd etilishicha, bir qator hududlarda suv toshqini bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangan.

Xususan, Orskda suv bosgan hududlardan suvning chekinishi davom etmoqda. "Vaziyat barqarorlashmoqda. Bir kun ichida 200 ga yaqin uy suvdan ozod bo'ldi", — deyiladi vazirlik xabarida.

Orenburgda suv toshqini bilan bog'liq vaziyat yomonlashmoqda, aholini evakuatsiya qilish davom etmoqda.

"Orenburgdagi suv to‘g‘oni kechayu-kunduz nazoratga olingan. 2,9 mingdan ortiq turarjoy va 4,9 ming tomorqa yerlari suv ostida qolgan. Suv bosgan hududlardan 1531 kishi, jumladan, 325 nafar bola evakuatsiya qilingan", — deyiladi xabarda.

Orenburg viloyatidagi favqulodda vaziyatlar zonasiga jami 4500 dan ortiq kishi, 979 ta texnika, 256 ta suv kemasi va 16 ta uchuvchisiz tizim jalb etilgan.

Kurgan viloyatida 12 ta aholi punktida 269 ta turarjoy, 409 ta tomorqa, bitta past suvli ko'prik va 7 ta avtomobil yo'llari suv ostida qolmoqda.

Eslatib o'tamiz, 5-aprel kuni Orenburg viloyatida Orsk shahrini Ural daryosidan himoya qiladigan to'g'on buzildi. Mintaqada federal miqyosdagi favqulodda vaziyat rejimi joriy etildi. Viloyat hukumati suv toshqini oqibatida yetkazilgan zararni 21 milliard rublga ($225 milliondan ortiq) baholamoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing