Sayyoramizning harbiy xarajatlari 2,8 trillion dollarlik cho‘qqini zabt etdi

Dunyo

Global beqarorlik sharoitida sayyoramiz shiddat bilan qurollanishda davom etmoqda. Stokgolm xalqaro tinchlik muammolarini tadqiq qilish instituti (SIPRI) hisobotiga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha jahon harbiy xarajatlari tarixiy cho‘qqiga chiqib, qariyb 2,887 trillion dollarni tashkil etdi.

Sayyoramizning harbiy xarajatlari 2,8 trillion dollarlik cho‘qqini zabt etdi
O‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, mudofaa xarajatlari ketma-ket o‘n birinchi yil o‘smoqda. Bugungi kunda harbiy byudjetlar jahon YaIMning 2,5 foizini tashkil qilmoqda — bu oxirgi 15 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Geosiyosiy larzalar va uzoq davom etayotgan mojarolar davlatlarni qurollanish dasturlarini kengaytirishga majbur qilayotgan asosiy omillar bo‘lib qolmoqda.

Bu sohadagi asosiy o‘yinchilar hamon AQSH, Xitoy va Rossiyadir. 2025-yilda ularning umumiy xarajatlari 1,480 trillion dollarni tashkil etdi, bu esa dunyo mudofaa xarajatlarining yarmidan ko‘pini (51%) tashkil qiladi. Shunisi e’tiborliki, AQSH xarajatlarda biroz tiyilish ko‘rsatayotgan bir paytda, dunyoning qolgan qismi keskin o‘sishni namoyish etmoqda: Yevropada byudjetlar 14 foizga, Osiyo va Okeaniyada esa 8,1 foizga oshgan. Amerika ko‘rsatkichlarini hisobga olmaganda, dunyo xarajatlari birdaniga 9,2 foizga sakragan.

SIPRI ekspertlari hozirgi rekord hali chegara emasligidan ogohlantirmoqda. Institut ilmiy xodimi Syao Lyan ta’kidlashicha, keng ko‘lamli inqirozlar va ko‘plab mamlakatlarning xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlari iqtisodiyotlarning militarizatsiyasi 2026-yilda va undan keyin ham davom etishidan dalolat beradi. Dunyo qurol-yarog‘ga investitsiya kiritish ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish dasturlaridan ustuvor bo‘lgan davrga qadam qo‘ymoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing