Seuta aholisi migratsiya inqirozi fonida Sanchesning iste’fosini talab qildi

Dunyo

Ispaniyaning Seuta shahrida minglab aholi markaziy hukumatning migratsiya siyosatini o‘zgartirish va Bosh vazir Pedro Sanchesning iste’fosini talab qilib ko‘chalarga chiqdi. Namoyish iyul oxirida Marokashdan migrantlarning ommaviy kirib kelishi ortidan o‘tkazildi.

Seuta aholisi migratsiya inqirozi fonida Sanchesning iste’fosini talab qildi
Aksiya Konstitutsiya maydonida «Yetar. Seuta taslim bo‘lmaydi» shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar 10 mingdan ortiq kishi qatnashganini bildirdi, OAVlar esa ishtirokchilar sonini 5–10 ming deb baholadi. Milliy politsiya 5 mingdan ortiq odam qatnashganini ma’lum qilgan. Seuta hukumati rahbari Xuan Xesus Vivas ham namoyishda ishtirok etdi.

Namoyishchilar shahar migratsiya inqirozi oqibatlarini mustaqil ravishda hal qila olmasligini ta’kidlab, markaziy hukumat vakillarining iste’fosini ham talab qildi. Jamoatchilik va diniy tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan aksiya jiddiy hodisalarsiz yakunlandi.

Inqiroz 30 iyul kuni Marokashdan Seutaga o‘n minglab migrantlar kirib kelganidan so‘ng keskinlashdi. The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, ularning soni qariyb 72 ming kishini tashkil qilgan. Keyinchalik ularning katta qismi Marokashga qaytgan.

Ayniqsa hamrohsiz voyaga yetmagan migrantlar masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Reuters xabariga ko‘ra, Ispaniya hukumati 1 342 nafar voyaga yetmaganni ro‘yxatga olgan va ularni bosqichma-bosqich mamlakat materik qismiga ko‘chirishni rejalashtirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing