Shahrisabz 2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti deb e’lon qilindi

O'zbekiston

Shu munosabat bilan joriy yilning 25–26-aprel kunlari bir qator xalqaro tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O’zbekiston Turizm qo’mitasi xabar berdi.

Shahrisabz 2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti deb e’lon qilindi
Qayd etilishicha, nufuzli tadbirda IHT kotibiyati rahbariyati, tashkilotga a’zo davlatlarning turizm idoralari rahbarlari va mutassaddilari, faxriy mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadilar.

Forum doirasida tashkilotga a’zo davlatlarning turizm sohasi rasmiylari ishtirokida ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Unda sohani rivojlantirish yo‘lida o‘zaro tajriba almashish, mavjud muammolarning yechimlarini muhokama qilish, turizm infratuzilmasini yaxshilash, ekoturizm, etnoturizm va boshqa yo‘nalishlarda imkoniyatlarni ishga solish, turizm tadbirkorligi, shu jumladan, yoshlarning faolligini oshirish va sohadagi yutuqlarni targ‘ib qilish borasidagi chora-tadbirlarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Mazkur tadbirda doirasida IHTga a’zo davlatlar folklor jamoalari ishtirokida International folk festivali, yosh dizaynerlar o‘rtasida Modest fashion show tanlovi, mashhur oshpazlar ishtirokida “Shahrisabz pazandachilik bellashuvi”, “Xalqaro etnosport o‘yinlari” festivali hamda xorijlik va mahalliy yetakchi rassomlar ishtirokida “plenar” natijalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.

Tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi dunyo jamoatchiligining e’tiborini qaratish bilan birgalikda mamlakatning turizm imkoniyatlarini keng targ‘ib etish yo‘lida muhim ahamiyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Shahrisabz shahrining boy tarixi va madaniy merosini inobatga olgan holda 2022-yil 13-dekabr kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar turizm vazirlarining IV yig‘ilishida Shahrisabz shahriga 2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti maqomi berilishi ma’lum qilingan edi.

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirilmoqda

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing