Shahrisabzdagi xalqaro kongressda qariyb 1 000 nafar yosh ekoaktivist jam bo‘ldi

O'zbekiston

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida «Yoshlar — kelajak bunyodkorlari» V Xalqaro ekologik kongressi o‘z ishini boshladi. Tadbirda O‘zbekiston va sakkizta xorijiy davlatdan qariyb 1 000 nafar yosh ekoaktivist ishtirok etmoqda.

Shahrisabzdagi xalqaro kongressda qariyb 1 000 nafar yosh ekoaktivist jam bo‘ldi
Kongressda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya va Belarus vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlaridan yoshlar qatnashmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Zarina Abdullayeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning kongress ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini yetkazdi. Unda ekologik masalalarning dolzarbligi ortib borayotgani va ularni hal etishda yoshlarning faolligi muhim ekani ta’kidlangan.

Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Ziyoda Aminova ekologik muammolarga yechim topishda yoshlarning tashabbuslari muhimligini qayd etdi.

Kongress dasturidan «Eng yaxshi ekologik loyiha», «Yosh ekologlar harakatining eng yaxshi Kengashi», «Eko-zakovat» va «Quvnoqlar va zukkolar» xalqaro tanlovlari o‘rin olgan. Shuningdek, taqdimotlar, ko‘rgazmalar, uchrashuvlar, plogging tadbirlari, ekologik aksiyalar va turli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ochilish marosimi doirasida hududlardagi «Yosh ekologlar» harakati kengashlari raislariga ishonch yorliqlari topshirildi.

Kongress yoshlarning tabiatni muhofaza qilish faoliyatidagi ishtirokini kengaytirish, ekologik tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ekologik muammolarga yechimlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga qaratilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing