Shanxayda O‘zbekiston investitsiya va savdo markazi ochildi

O'zbekiston

14-oktabr kuni Shanxay shahrida O‘zbekiston investitsiya va savdoni ilgari surish markazi ish boshladi, deb xabar berdi Dunyo axborot agentligi. Markaz ikki davlat tadbirkorlari uchun yangi muloqot va hamkorlik maydoniga aylanadi.

Shanxayda O‘zbekiston investitsiya va savdo markazi ochildi
Tantanali ochilish marosimida Shanxay savdo-sanoat palatasi, xalqaro savdo hududi, Tsyansu provinsiyasi vakillari hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 60 dan ortiq xitoy kompaniyalari qatnashdi.

Markazning asosiy vazifasi — xitoylik investorlarni O‘zbekistonning iqtisodiy va eksport salohiyati, sarmoya imkoniyatlari hamda xorijiy biznes uchun yaratilgan imtiyozlar bilan tanishtirishdir.

Xitoy tomoni markaz ochilishini strategik hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim amaliy qadam deb atadi. Tashabbus qishloq xo‘jaligi, sanoat, IT, farmatsevtika va “yashil” energetika sohalaridagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirishi kutilmoqda.

Shuningdek, tomonlar yaqinda O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonalarini qo‘llab-quvvatlash markazi hamda sanoat zonalariga investitsiyalar jalb etish ofisini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing