Shavkat Mirziyoev va Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi boʼlib oʼtdi

Siyosat

Uchrashuvda “Xitoy - Qirgʼiziston - Oʼzbekiston” temir yoʼli va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoev va Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi boʼlib oʼtdi
Koʼksaroy qarorgohida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Qirgʼiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi boʼlib oʼtdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari koʼrib chiqildi.

Ushbu tashrif doirasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʼgʼrisida Qoʼshma bayonot imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori darajaga olib chiqishga oʼzaro intilishdan dalolat boʼlishi qayd etildi.

Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, "Markaziy Osiyo plyus" formatlari doirasida oʼzaro qoʼllab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish dolzarb ekani koʼrsatib oʼtildi. Kuni kecha oʼtgan biznes forumi muvaffaqiyatli boʼldi, yakunida yangi kelishuvlar toʼplami qabul qilindi.

Strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalarni, jumladan, "Xitoy - Qirgʼiziston - Oʼzbekiston" temir yoʼli va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga ustuvor eʼtibor qaratildi.

Transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish boʼyicha yangi loyiha takliflari koʼrib chiqildi.

Madaniy-gumanitar almashinuv faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu hafta mamlakatimizda Qirgʼiziston madaniyati kunlari oʼtkazilmoqda. Kuni kecha Samarqandda ikkinchi Rektorlar forumi muvaffaqiyatli oʼtkazildi. Tomonlar kelgusi yillarga moʼljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib olishdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing