Shavkat Mirziyoyev tomorqadagi omilkorlikni ko‘zdan kechirdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi Tuyoqli mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti va daromadlari bilan qiziqdi.

Shavkat Mirziyoyev tomorqadagi omilkorlikni ko‘zdan kechirdi
Xususan, davlatimiz rahbari shu yerlik Abdumo‘min Karimov xonadonini kirib ko‘rdi. Uyning tomorqasi 12 sotix, shundan 7 sotixida issiqxona barpo etilgan. Bundan tashqari, chorva, tovuq, asalari boqiladi. Xonadon egasi ro‘zg‘orbop ekinlar yetishtirib, yiliga 200 million so‘mdan ziyod daromad olayotganini so‘zlab berdi.

“O‘rtacha mahalladagi shu oddiy xonadon misolida ko‘rayapmizki, oilaning o‘zida harakat bo‘lsa, yaxshi daromad topsa bo‘ladi. Aholi ixtiyorida tomorqalar, undan foydalanaman degan insonlar ham ko‘p. Faqat ularga yordam berish kerak. Masalan, mahalliy korxonalarni jalb etib, issiqxona qurilmalari, voish, asalari uyasi, ko‘chat, urug‘lik va ozuqalarni yaxlit to‘plam qilib, arzon narxda yetkazib berish zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu yerda «mahalla yettiligi» bilan suhbatlashdi. Joylardagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali oilalarning daromadini, xarid qobiliyatini oshirish haqida so‘z yuritildi. Bu ularning hayot sifatida, salomatligida, farzandlari kamolida aks etib, jamiyat rivojiga hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing