Shavkat Mirziyoyev Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodini ko'zdan kechirdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodini borib ko‘rdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodini ko'zdan kechirdi
Zavodda 16 turdagi yo'lovchi vagonlari ishlab chiqariladi va ta'mirlanadi. O‘tgan yili korxonada 32 ta yo‘lovchi vagoni tayyorlanib, 319 tasi ta’mirlangan. Muhimi, kooperatsiya orqali ehtiyot qismlarning 70 foizi mahalliylashtirilgan.

Umuman, avvalgi yillarda 300 dan ziyod yo‘lovchi va texnik xizmat vagonlari ishlab chiqarilib, 50 dan oshig‘i eksportga yuborilgan. Bundan tashqari, 112 ta metropoliten vagonlari modernizatsiya qilingan.

Ular 28 yil davomida foydalanishga mo‘ljallangan va xalqaro talablarga to‘liq javob beradi, yo‘lovchilar uchun har tomonlama qulay, yuqori sifat va xavfsizlikka ega.

Vagonlarda isitish va sovutish tizimlari, havo aylanishi yanada yaxshilangan. Suv isitish uskunasi ham elektr energiyasida, ham ko‘mirda ishlashga mo‘ljallangan. Yo‘lovchilarni toza va salqin ichimlik suvi bilan ta’minlash, telefon quvvatini to‘ldirish uchun maxsus moslamalar o‘rnatilgan. Bu yerda 619 nafar muhandis-ishchi mehnat qilmoqda.

Shu yerda zavodda rejalashtirilayotgan yangi yo‘nalish – elektr va metropoliten poyezdlari loyihasi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi elektropoyezd olib kelinishi mo‘ljallangan. 7 vagonga ega elektropoyezd 351 ta o‘rindiqqa ega bo‘ladi. Soatiga 250 kilometr tezlikda harakatlana oladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing