Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Yoshlar bog‘iga ko‘chat o‘tqazdi

O'zbekiston

O’zbekiston rahbari bugun Toshkentning Sergeli tumanida tashkil etilayotgan Yoshlar bog‘iga ko‘chat o‘tqazdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Yoshlar bog‘iga ko‘chat o‘tqazdi
Davlat rahbariga bog‘ loyihasi haqida axborot berildi. Uning maydoni 75 gektardan ziyod bo‘lib, hududi jihatidan poytaxtimizda “Yangi O‘zbekiston” bog‘idan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Bog‘ yettita katta hududga bo‘linadi. Markaziy xiyobonda turli maydonlar, ming o‘rinli ochiq amfiteatr, milliy va xalqaro gastronomik zonalar barpo etiladi.

Ochiq havoda ovqatlanish va qiziqarli mashg‘ulotlar uchun alohida joylar bo‘ladi. Musiqiy favvoralar, ochiq osmon ostidagi kinoteatr, san’at ko‘rgazmalari va lazer-shou imkoniyatlari yaratiladi. Bolalar uchun sport va o‘yin maydonlari, mashhur ertaklardagi qishloqlar, ustaxona, kutubxona tashkil etiladi. Sun’iy ko‘l, kanoe va suzish havzasi, baliq ovi dam oluvchilarga huzurbaxsh bo‘ladi.

Bugun Toshkent shahri jamoatchiligi, davlat tashkilotlari va diplomatik korpus vakillari, yoshlar ishtirokida boqqa ko‘chatlar ekildi.

«Xalqimiz qayerda bo‘lsa, daraxt ekishga intilgan. Amir Temur Samarqand atrofida so‘lim bog‘lar barpo etgan, boshqa shaharlarni ham obod qilgan. Buyuk bobolarimizga munosib bo‘lib, bu ishlarni qilayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir e’tiborli tomoni, bu bog‘da tabiiylik, o‘rmon shakli, ekzotik manzara hosil qilinadi. Bog‘ foydalanishga topshirilishi bilan 350 tadan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Ayni kunlarda ham hududlarda ko‘chatlar ekilmoqda. Umuman, yurtimizda 347 gektar maydonda “yashil hudud”, 187 ta vazirlik va hokimlik bog‘lari barpo etilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing