Shols savdo urushi boshlansa qat’iy choralar ko‘rishga va’da berdi

Iqtisodiyot

Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa Ittifoqi AQSH prezidenti Donald Tramp joriy qilishi mumkin bo‘lgan savdo bojlariga zudlik bilan javob bera olishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Vashington Yevropa bozoriga savdo hujumini boshlasa, YeI bir soat ichida javob choralarini ko‘rishga tayyor.

Shols savdo urushi boshlansa qat’iy choralar ko‘rishga va’da berdi
Shols saylovlar oldidan bo‘lib o‘tgan ilk teledebatlarda so‘zlagan nutqida uning Tramp bilan muloqot strategiyasi "aniq so‘zlar va do‘stona muzokaralar" ekanini, biroq bunda Yevropa birdam bo‘lishi va keskin javob qaytarishga tayyor turishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, kansler Trampning Grenlandiya va Panama kanali ustidan ehtimoliy harbiy nazorat haqidagi bayonotlari, shuningdek, G‘azo aholisini ko‘chirish bo‘yicha AQSH taklif qilgan rejalarni tanqid qilib, ularni xalqaro huquqning buzilishi deb atadi. Uning raqibi Fridrix Mers (XDI) Vashington siyosati xavotir uyg‘otayotganini tan oldi, ammo real qadamlarni kutishni taklif qildi.

Germaniyada saylovlar 23-fevralga belgilangan bo‘lib, nomzodlarning tashqi siyosat borasidagi pozitsiyasi saylovoldi kurashining asosiy omillaridan biriga aylangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing