Sindarov Karuanani mag‘lub etib, nomzodlar turnirida yetakchiga aylandi

Sport

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov kuchli raqiblarni ortda qoldirib, FIDE Candidates 2026 turnirida yetakchilikni qo‘lga oldi.

Sindarov Karuanani mag‘lub etib, nomzodlar turnirida yetakchiga aylandi
Kiprning Pafos shahrida 28-martdan 16-aprelgacha FIDE Candidates Tournament 2026 bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu turnir g‘olibi amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan jahon chempionligi uchun bahs olib boradi.

Javohir Sindarov turnir davomida yuqori darajadagi o‘yin namoyish etmoqda. 1-aprel kuni o‘tkazilgan 4-turda u AQSh vakili Fabiano Karuanani mag‘lub etdi.

Ushbu g‘alaba Sindarovga turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqish imkonini berdi. To‘rt turdan so‘ng u 3,5 ochko jamg‘argan.

Ikkinchi o‘rinda 2,5 ochko bilan Fabiano Karuana bormoqda. Keyingi o‘rinlarda Anish Giri, Rameshbabu Praggnanandhaa va Matthias Bluebaum (2 ochkodan) joylashgan. Hikaru Nakamura va Wei Yi 1,5 ochkoga ega, Andrey Esipenko esa 1 ochko bilan oxirgi o‘rinda.

3-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan 5-tur Sindarov uchun muhim sinov bo‘ladi. U qora donalarda Hikaru Nakamuraga qarshi bahs olib boradi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanadi.

Pafosdagi turnir yuqori raqobat va keskin kurashlarga boy bo‘lib, Sindarovning muvaffaqiyatli starti uni jahon chempionligi uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylantirmoqda.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing