Somalilend ilk bor xalqaro tan olinmoqda

Dunyo

Isroil dunyoda birinchi bo‘lib Somalilendning mustaqilligini rasman tan oldi.

Somalilend ilk bor xalqaro tan olinmoqda
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Somalilend mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. U Somalilend rahbariyati bilan «Avraam kelishuvlari ruhida» qo‘shma deklaratsiya imzolanganini ma’lum qildi.

Isroil Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, tomonlar to‘liq diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘yadi — elchilar tayinlanadi va elchixonalar ochiladi. Hamkorlik qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, texnologiyalar va iqtisodiyot sohalarini qamrab oladi.

Qaror Somalining rasmiy hukumati, Afrika Ittifoqi, Misr, Turkiya va Jibuti tomonidan qoralandi. Ular Somalining hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi.

Avvalroq Associated Press G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasi doirasida aholining bir qismini Somalilendga ko‘chirish ehtimoli muhokama qilingani haqida xabar bergan edi. Somalilend hukumati bunday takliflar bo‘lmaganini aytdi.

Somalilend 1991 yilda Somalining parchalanishi fonida mustaqilligini e’lon qilgan. Aholisi qariyb 6 million bo‘lgan hudud o‘z valyutasi, pasportlari va xavfsizlik kuchlariga ega.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Somalilend nisbiy barqarorlikka erishgan, Somalining markaziy hukumati esa mamlakat hududining kichik qisminigina nazorat qiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing