Suriyada Germaniya elchixonasi qayta ochildi

Dunyo

Suriyada 13 yillik tanaffusdan so‘ng Germaniya elchixonasi yana o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqida dpa agentligi 20-mart kuni xabar berdi.

Suriyada Germaniya elchixonasi qayta ochildi
Germaniya diplomatik vakolatxonasi Suriyaning poytaxti Damashq shahrida ochildi. Bu hodisa prezident Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan uch oy o‘tib sodir bo‘ldi. Elchixonaning ochilish marosimida Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok (Annalena Baerbock) ishtirok etdi. Germaniya diplomatik vakolatxonasi 2012 yilda, Suriyada fuqarolik urushi boshlanganidan keyin yopilgan edi.

Hozircha elchixonani Germaniyaning Suriyadagi maxsus vakili Shtefan Shnek (Stefan Schneck) vaqtinchalik boshqaradi. To‘laqonli elchi keyinroq tayinlanadi. Germaniya elchixonasi hali vizalar bilan shug‘ullanmaydi — bu jarayon avvalgidek Livandagi elchixona tomonidan amalga oshiriladi. Yangi diplomatik vakolatxona esa fuqarolik jamiyati bilan bevosita aloqalarni yaxshilash va mamlakatdagi muhim o‘zgarishlarga tezkor javob berish imkonini beradi.

"Yevropa va Suriya, Germaniya va Suriya o‘rtasida yangi siyosiy sahifa ochilishi mumkin. Biroq bu shundan kelib chiqadiki, mamlakatda erkinlik, xavfsizlik va teng imkoniyatlar barcha fuqarolar – ayollar va erkaklar, turli millat va din vakillari uchun ta’minlanishi kerak", — dedi Annalena Berbok Suriyaga tashrifi chog‘ida.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing