Toshkent va Islomobod strategik hamkorlikni mustahkamladi

Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahbaz Sharif Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi yakunida qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Hujjat ikki tomonlama hamkorlikni asosiy yo‘nalishlarda kengaytirish kursini mustahkamladi.

Toshkent va Islomobod strategik hamkorlikni mustahkamladi
Liderlar huzurida iqtisodiyot, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar, madaniyat, sport, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarni qamrab olgan qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar almashildi.

Xususan, tomonlar O‘zbekiston–Pokiston Ishbilarmonlar kengashi va Mintaqalararo forumni tashkil etish, preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim doirasidagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, port infratuzilmasi, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik va farmatsevtika nazorati sohalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar, ilm-fan, madaniyat, sport, korrupsiyaga qarshi kurash, giyohvand moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurash, yadro va radiatsiya xavfsizligi, ekologiya hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish sohalarida ham bitimlar imzolandi.

Gumanitar va mintaqalararo hamkorlikka alohida e’tibor qaratilib, Termiz–Peshovar, Samarqand–Islomobod shaharlari, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot institutlari va universitetlari o‘rtasida kelishuvlarga erishildi.

Imzolangan hujjatlar paketi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing