Trampning migratsiya siyosatiga qarshi ommaviy norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi

Dunyo

AQShning yirik shaharlarida minglab namoyishchilar ko‘chalarga chiqdi, ishtirokchilar avtomagistrallarni to‘sib qo‘yib, immigratsiya sohasidagi islohotlarni talab qildi.

Trampning migratsiya siyosatiga qarshi ommaviy norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi
2-fevral, yakshanba kuni Los-Anjelesda Donald Tramp ma’muriyatining migratsiya siyosatini qattiqlashtirish qarshi keng ko‘lamli norozilik aksiyasi o‘tkazildi. Ko‘chalar Lotin Amerikasi mamlakatlarining bayroqlari va "Biz jinoyatchi emasmiz" hamda "Haqiqiy jinoyatchi Oq uyda" degan shiorlar bitilgan plakatlar ko‘targan minglab odamlar bilan to‘ldi.

Namoyish Olver ko‘chasidan boshlanib, shahar hokimligi binosi oldida yakunlandi, biroq namoyishchilar 101-avtomagistralda harakatni to‘sib qo‘yib, katta tirbandlik keltirib chiqardi. Shunga qaramasdan, Kaliforniya politsiyasi ogohlantirish bilan cheklanib, hech kimni hibsga olmadi.

Nyu-York va Dallas kabi boshqa shaharlarda ham shunday namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bu yerlarda yuzlab odamlar Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) tomonidan yaqinda amalga oshirilgan qamoqqa olishlarga qarshi chiqdilar. Faollar islohotlar talab qilmoqda va muhojirlarning mamlakat iqtisodiyotidagi muhim o‘rnini ta’kidlamoqda.

Siyosatchilar norozilik namoyishlariga turlicha munosabat bildirdi: respublikachilar yo‘llarni to‘sib qo‘yganlik uchun jazolarni kuchaytirish taklifini kiritdi, huquq himoyachilari esa muammoga e’tiborni jalb qilish maqsadida "Muhojirlarsiz kun" kabi yangi aksiyalarni e’lon qilishdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing