Ukraina Rossiyaning «soya floti»ga qarshi navbatdagi zarbalar haqida ma’lum qildi

Dunyo

Ukraina Rossiyaning dengiz infratuzilmasiga qarshi navbatdagi zarbalar amalga oshirilganini ma’lum qilib, Kiyev «soya floti» deb ataydigan o‘nlab kemalar nishonga olinganini bildirdi. Shu bilan birga, Azov–Don dengiz kanali va Kerch bo‘g‘ozida kemalar harakati vaqtincha cheklangani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Ukraina Rossiyaning «soya floti»ga qarshi navbatdagi zarbalar haqida ma’lum qildi
Ukraina Qurolli kuchlari Uchuvchisiz tizimlar qo‘mondoni Robert Brovdining ma’lumotiga ko‘ra, 11-iyulga o‘tar kechasi Azov dengizida 28 ta kema, jumladan 21 ta tanker, 4 ta tortuvchi kema, 2 ta quruq yuk kemasi va bitta maxsus suzuvchi vosita zarbaga uchragan. Uning ta’kidlashicha, 6–11-iyul kunlari davomida Ukraina kuchlari jami 76 ta kemaga hujum qilgan.

Shuningdek, Ukraina tomoni Qrim va Rossiya nazorati ostidagi janubiy hududlarda joylashgan 53 ta harbiy obyekt, jumladan kemalar hamda energetika infratuzilmasiga zarbalar berilganini ma’lum qildi.

Rossiya tomoni esa Taganrog qo‘ltig‘idagi to‘rtta kemaga hujum uyushtirilganini bildirdi. Rostov viloyati gubernatori ma’lumotiga ko‘ra, metanol tashiyotgan tanker ham zarbaga uchragan va hodisa oqibatida bir nafar dengizchi halok bo‘lgan.

Shu bilan birga, Reuters agentligi manbalariga tayanib, dron hujumlaridan so‘ng Rossiya Azov–Don dengiz kanali orqali kemalar harakatini vaqtincha to‘xtatgani, shuningdek Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tish ham cheklangani haqida xabar berdi. Ushbu ma’lumotlar maqola tayyorlangan paytda Rossiya rasmiylari tomonidan rasman tasdiqlanmagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing