Xitoylik investor Farg‘ona viloyatida metall konstruksiyalar ishlab chiqarishga $20 mln sarmoya kiritadi

O'zbekiston

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida xitoylik investor Yan Tsuychjun ishtirokida sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyihaning umumiy investitsiya hajmi qariyb $20 mlnni tashkil etadi. Ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish uchun tuman iqtisodiy zonasidan 5 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Xitoylik investor Farg‘ona viloyatida metall konstruksiyalar ishlab chiqarishga $20 mln sarmoya kiritadi
Loyihani amalga oshirish uchun GRANDHUNT 1688 xorijiy korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ishlab chiqarishni ikki bosqichda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda texnologik uskunalarni yetkazib berish va metall konstruksiyalar hamda sendvich panellar ishlab chiqarishni tashkil etish ishlari boshlangan. Shuningdek, profnastil ishlab chiqarish va metall konstruksiyalarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi bosqichda ikkita zamonaviy ishlab chiqarish korxonasini qurish nazarda tutilgan.

Investor bilan uchrashuvda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov loyihani amalga oshirishda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Manbada keltirilgan EGRPO ma’lumotlariga ko‘ra, GRANDHUNT 1688 kompaniyasi 27 iyul kuni ro‘yxatdan o‘tgan. Korxonaning ustav fondi 400 mln so‘mni tashkil etadi, faoliyat turi «boshqa rangli metallar ishlab chiqarish» deb ko‘rsatilgan. Kompaniyaning yagona ta’sischisi va rahbari — Yan Tsuychjun.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing