Xivada Lyaonin pedagogika universiteti filiali ochildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tashkil etilgan Lyaonin pedagogika universitetining Oʻzbekistondagi filiali va Konfutsiy instituti faoliyati bilan tanishdi.

Xivada Lyaonin pedagogika universiteti filiali ochildi
Mamlakatimizda oliy taʼlimni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy yoʻnalishlarda malakali kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti va Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti hamkorligida amalga oshirilgan loyiha doirasida yangi taʼlim majmuasi barpo etildi. Uni qurish va jihozlash uchun davlat budjetidan 140 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bu yerda 120 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Majmuada 560 oʻrinli oʻquv bloklari, kutubxona, sport zali, 200 oʻrinli madaniyat saroyi va 118 oʻrinli oshxona mavjud. Ikkinchi toʻrt qavatli binoda 628 oʻrinli auditoriyalar hamda 224 oʻrinli talabalar turar joyi tashkil etilgan.

2026-yil uchun qabul kvotasi 160 nafar etib belgilangan. Kelgusida yillik qabulni 500 nafarga, talabalar sonini esa 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Taʼlim kunduzgi va masofaviy shakllarda, oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bakalavriat bosqichida “Xalqaro xitoy tili taʼlimi”, “Turizm boshqaruvi”, “Xalqaro biznes”, “Sunʼiy intellekt”, magistraturada esa “Xitoy tili va madaniyatini oʻqitish metodikasi”, “Taʼlim boshqaruvi”, “Sunʼiy intellekt va taʼlim texnologiyalari” yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlanadi.

Filial diplomi Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi. Iqtidorli bitiruvchilarga Xitoyning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida grant asosida oʻqishni davom ettirish va nufuzli tashkilotlarda stajirovka oʻtash imkoniyati yaratiladi.

Bugungi kunda Xorazm viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida umumiy qiymati 2 milliard 343 million dollarlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda zamonaviy texnologiyalar va xitoy tilini yaxshi biladigan yuqori malakali mutaxassislarga talab yuqori. Yangi taʼlim muassasasi va Konfutsiy instituti ana shu ehtiyojga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Prezidentimiz taʼlim dasturlarini iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirish, talabalarning zamonaviy texnologiyalar va xorijiy tillarni puxta egallashi uchun barcha sharoitlarni yaratish muhimligini taʼkidladi.

Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbariga yagona milliy turizm platformasi hamda turizm sohasida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyat va yengilliklar taqdimot qilindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing