Xivada «Qovun sayli» festivalida jahon rekordi o‘rnatildi

O'zbekiston

Xivada uch kun davom etgan xalqaro «Qovun sayli» festivali qovunni bir vaqtning o‘zida eng ko‘p ishtirokchi degustatsiya qilgani bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatilishi bilan yakunlandi. Taqdim etilgan Guinness World Records sertifikatiga ko‘ra, 9 avgust kuni degustatsiyada bir vaqtning o‘zida 259 kishi qatnashib, qovunning 10 dan ortiq navini tatib ko‘rgan.

Xivada «Qovun sayli» festivalida jahon rekordi o‘rnatildi
Festival 7–9 avgust kunlari Ichan-Qal’a tarixiy majmuasi va Arda Khiva turistik majmuasida bo‘lib o‘tdi. Tadbir Turizm qo‘mitasi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, bu yil festivalga 186 ming kishi tashrif buyurgan. Ularning 150 ming nafari mahalliy, 36 ming nafari xorijiy sayyohlarni tashkil etdi. Dasturdan konsertlar, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, tanlovlar va degustatsiyalar o‘rin oldi.

Rekordni tasdiqlash jarayonini Guinness World Records kompaniyasining rasmiy hakami, tashkilotning Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Şeyda Subaşı Gemici amalga oshirdi.

Festivalda Xorazm viloyati tumanlari, fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar qovunning o‘nlab navlari, hududiy mahsulotlar hamda qishloq xo‘jaligi sohasidagi yutuqlarini namoyish etdi.

Festival yakunida tanlov g‘oliblari ham aniqlandi. Birinchi o‘rinni Yangiariq tumani hokimligi, ikkinchi o‘rinni Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, uchinchi o‘rinni Urganch davlat universiteti, «UzAuto»ning Xorazm filiali va Xorazm viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasi egalladi. Bosh sovrin Xiva shahar hokimligiga topshirildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing