Yevropa Ukraina bo‘yicha muzokaralarda qatnashishga erishdi

Dunyo

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer Vashingtonda Ukraina kelajagini muhokama qilishda ishtirok etadi. Bu qaror Moskva va Vashingtonning yaqinlashuvidan xavotirda bo‘lgan YeI yetakchilarining favqulodda uchrashuvlaridan so‘ng qabul qilindi.

Yevropa Ukraina bo‘yicha muzokaralarda qatnashishga erishdi
Parijda Emmanuel Makron tomonidan tashkil etilgan bir qator shoshilinch sammitlardan so‘ng, Yevropa nihoyat Ukraina bo‘yicha muzokaralar stolidan joy oldi. AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts Donald Tramp Fransiya yetakchisi va Britaniya bosh vazirini kelasi hafta Oq uyga taklif qilganini ma’lum qildi.

Yevropa Ittifoqida xavotirning kuchayishiga yaqinda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan AQSH va Rossiya vakillarining yig‘ilishi sabab bo‘ldi. Kiyevni unga taklif qilishmadi, bu esa Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari tomonidan tanqidga uchradi. Tramp Vladimir Zelenskiyni "diktator" deb atadi va agar Ukraina tinchlik jarayonini tezlashtirmasa, mamlakat o‘z davlatchiligini yo‘qotishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Biroq Yevropada keyingi harakatlar bo‘yicha umumiy fikr yo‘q. YeI Moskvaga bosim o‘tkazishda davom etayapti - shu hafta Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 16-paketi ma’qullandi.

Makron o‘z bayonotida yaqin haftalarda Yevropa Ittifoqi mudofaa va xavfsizlik sohasida muhim qarorlar qabul qilishini aytib o‘tdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing