Ukraina Oliy radasi 2024-yilgi byudjetini tasdiqladi

Economy

Harbiy xarajatlar barcha budjet xarajatlarining deyarli yarmini tashkil qiladi va taqchillik tashqi qarzlar hisobidan moliyalashtiriladi.

Ukraina Oliy radasi 2024-yilgi byudjetini tasdiqladi
Ukraina Oliy radasi mamlakatning 2024-yil uchun davlat byudjetini qabul qildi, uning yarmi mudofaaga sarflanadi. Bu haqda Ukraina Bosh vaziri Denis Shmixal 9-noyabr kuni maʼlum qildi, deya yozmoqda DW.

Hujjatga ko‘ra, kelgusi yil Ukraina byudjeti daromadlari 1,76 trillion grivna (46 milliard yevro), xarajatlari 3,35 trillion grivna (87 milliard yevro) bo‘lishi kutilmoqda. Shu tariqa, byudjet taqchilligi 1,57 trillion grivnani (41 milliard yevro) tashkil etadi.

Qayd etilishicha, Ukrainaning tashqi qarzlari 43 milliard yevroga teng bo‘lishi kerak. Byudjetni hisoblashda Ukraina hukumati yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 4,6 foiz va inflatsiya 9,7 foiz bo‘lishi prognoziga asoslandi. Byudjetning yarmidan ko‘pi mudofaaga mo‘ljallangan

Ukrainada 2024-yilda harbiy ehtiyojlar uchun 1,69 trillion grivna (44 milliard yevro) – mamlakat yalpi ichki mahsulotining 22 foizini ajratish rejalashtirilmoqda.

“Shu bilan birga, milliy xavfsizlik va mudofaa sektori uchun mablag‘lar qonun bo‘yicha faqat ichki daromadlar hisobidan qoplanadi: soliqlar, bojxona to‘lovlari, davlat kompaniyalaridan olinadigan dividendlar, xususiylashtirish va qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishdan tushadigan mablag‘lar”, deya ta’kidladi Oliy rada Byudjet qo‘mitasining raisi Roksolana Podlasa.

“Xarajatlarimizning deyarli 50 foizi - Ukraina mudofaasi va xavfsizligi uchun. Bundan ham ko‘proq qurol va jihozlar, ko‘proq uchuvchisiz uchoqlar, o‘q-dorilar, raketalar bo‘ladi. Soliq to‘lovchilarning har bir grivnasi armiyaga ketadi”, dedi bosh vazir Shmixal yangi budjet haqida.

Bundan tashqari, byudjet pensiyalarni indeksatsiya qilish va eng kam ish haqini oshirishni o‘z ichiga oladi. Ta’lim va tibbiyotga sarflanadigan xarajatlar 20 milliard grivnadan (51,8 million yevro) oshadi, deb xabar berdi Shmixal. Yana 40 milliard grivna (103 million yevro) biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan.

2022-yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan beri Moskva ham, Kiyev ham mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirdi. Bundan tashqari, qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarish ko‘paytirildi.

Powered by Froala Editor

Share with friends