8,8 ball va Tinch okeani bo‘ylab ogohlantirish

Dunyo

30-iyul kuni Kamchatka yaqinida 8,8 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila natijasida tsunami, kuchli takroriy silkinishlar va vulqon otilishi qayd etildi. Hududda favqulodda holat joriy qilindi, Tinch okeani bo‘ylab bir qator davlatlarda ogohlantirishlar e’lon qilindi.

8,8 ball va Tinch okeani bo‘ylab ogohlantirish
AQSh Geologik xizmati (USGS) xabariga ko‘ra, zilzila epitsentri Petropavlovsk-Kamchatskiy shahridan 119 km janubi-sharqda, 20 km chuqurlikda joylashgan. Bu voqea 1952-yildan beri hududdagi eng kuchli zilzila sifatida qayd etildi.

Rossiya Fanlar akademiyasi huzuridagi yagona geofizika xizmatiga ko‘ra, zilzila Kamchatkaning janubi-g‘arbiy seysmofokal zonasida yuz berdi. Yoriq uzunligi 200 km dan ortiq masofaga tarqaldi. Petropavlovsk-Kamchatskiyda silkinishlar kuchi 6 ballga yetgan.

Zilziladan so‘ng 6,9 va 6,3 magnitudali kuchli afteşoklar kuzatildi. Mutaxassislarning fikricha, afteşoklar bir oy davomida davom etishi va 7,5 magnitudagacha yetishi mumkin.

Kamchatka qirg‘oqlarida tsunami kuzatildi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, to‘lqinlar 200 metr masofagacha kirib kelgan. Shimoliy Kuril hududida favqulodda holat e’lon qilindi, aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi. Qurbonlar yo‘q, zarar kam.

Bundan tashqari, faol vulqon — Klyuchevskaya Sopka portladi. Lavaning g‘arbiy yonbag‘ridan oqib tushishi va kuchli yorug‘lik qayd etildi.

Xalqaro darajada ham xavotir kuchaydi. AQSh prezidenti Donald Tramp Gavayi, Alyaska va AQShning Tinch okeani bo‘yidagi hududlari uchun tsunami ogohlantiruvini e’lon qildi. Yaponiyada ham ogohlantirish berilib, aholiga evakuatsiya qilish tavsiya etildi. Ayrim portlarda 50 sm balandlikdagi to‘lqinlar qayd etilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing