AQSh G'arbiy sohildagi yahudiy ko'chmanchilarga qarshi farmon chiqardi

Dunyo

AQSh prezidenti Jo Bayden Amerika ma'muriyatiga Iordan daryosining G'arbiy sohil aholisiga qilingan hujumlarda ishtirok etgan yahudiy ko'chmanchilariga qarshi sanksiyalar joriy etishga ruxsat beruvchi farmonni imzoladi, deb xabar berdi Oq uy.

AQSh G'arbiy sohildagi yahudiy ko'chmanchilarga qarshi farmon chiqardi
Qayd etilishicha, Jo Bayden mintaqada, shu jumladan "radikal ko'chmanchilar" tomonidan zo'ravonlik darajasi oshganidan xavotirda. “Bu zo‘ravonlik G‘arbiy Sohil, Isroil va Yaqin Sharqdagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka raxna soladi hamda AQShning xavfsizlik va tashqi siyosat manfaatlariga putur yetkazadi”, — deyiladi bayonotda.

Oq uyning ta’kidlashicha, Jo Bayden imzolagan farmon mulkni yo'q qilish, terrorchilik faoliyatining tarqalishi, uylarini tark etishga majbur bo'lgan tinch fuqarolarga nisbatan tahdid va zo'ravonlik bilan shug'ullanadiganlarga qarshi sanksiyalar joriy etish imkonini beradi.

“Politico” AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, AQSh hukumati tinch falastinliklarni o'ldirgan, shuningdek, mahalliy aholiga qilingan hujumlar uchun javobgar bo'lgan kamida to'rt kishiga qarshi sanksiyalar joriy etishni rejalashtirmoqda. “Financial Times” gazetasining yozishicha, yahudiy ko'chmanchilariga qarshi sanksiyalarni Yevropa tashqi siyosat xizmati ham tayyorlamoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing