BMT: Myanmaning o'rta sinfi urush oqibatlari tufayli ikki barobar qisqardi

Dunyo

Bir vaqtlar o‘rta sinf o‘sib borayotgan Janubi-Sharqiy Osiyoning eng istiqbolli iqtisodlaridan biri hisoblangan Myanma hozirda qashshoqlik darajasining oshib borishidan aziyat chekmoqda, chunki halokatli fuqarolar urushi o‘n millionlab odamlarni qashshoqlikka olib kelmoqda. Bu haqda BMTning yangi hisobotida ma’lum qilindi.

BMT: Myanmaning o'rta sinfi urush oqibatlari tufayli ikki barobar qisqardi
54 millionlik Myanma aholisining deyarli yarmi qashshoqlik chegarasidan pastda, aholining 49,7% kuniga 76 AQSh sentidan kam daromad bilan kun kechirmoqda — bu ko'rsatkich 2017-yildan beri ikki baravar ko'paygan, deya ta’kidladi BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) tadqiqotchilari.

Harbiylar davlat toʻntarishi oqibatida hokimiyatni qoʻlga kiritganidan uch yil oʻtib, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat shu darajada tanazzulga uchradiki, oʻrta sinf yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida qoldi va oilalar inflyatsiyaning ko'tarilishi tufayli oziq-ovqat, sog'liqni saqlash va ta'lim xarajatlarini kamaytirishga majbur bo'ldi, deyiladi hisobotda.

Demokratik yo'l bilan saylangan Ang San Su Chi hukumatini ag'dargan 2021-yilgi harbiy to'ntarish mamlakatni beqarorlik va zo'ravonlikka olib keldi va COVID-19 pandemiyasi erishilgan yutuqlarni yer bilan yakson qilib, vaziyatni yanada yomonlashtirdi.

Toʻntarishdan soʻng qarshilik kuchlari va etnik qoʻshinlar xuntani hokimiyatdan siqib chiqarish uchun unga qarshi kurashib kelmoqda. Harbiy xunta Myanma xalqiga qarshi tobora shafqatsiz hujumlar uyushtirmoqda. Uning quruqlikdagi janglari, havo hujumlari va qishloqlarga reydlari oqibatida uch millionga yaqin kishi uy-joyini tark etishga majbur bo’ldi.

Mamlakatda xorijiy investitsiyalar keskin kamaydi va chet elga ko‘chib ketgan ishsizlar soni sezilarli darajada oshdi.

Hisobotda aytilishicha, Myanma yalpi ichki mahsuloti ikki tomonlama zarba — siyosiy inqiroz va pandemiya tufayli 2021-yilda kuzatilgan 18 foizlik pasayishdan hanuzgacha tiklana olmadi.

“Pul o'tkazmalari, oziq-ovqat xavfsizligi va asosiy xizmatlardan foydalanish bo'yicha zudlik bilan chora-tadbirlarsiz zaiflik o'sishda davom etadi va uning ta'siri avlodlar osha seziladi. Biz Myanma ichidagi va tashqarisidagi barcha manfaatdor tomonlarni chora ko‘rishga va zaif oilalarni qashshoqlik va umidsizlik girdobidan qutqarishga chaqiramiz”, — deyiladi BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Akim Shtayner bayonotida.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing