Kanada sentyabrda BMT Bosh Assambleyasida Falastinni tan olishga tayyor

Dunyo

Kanada BMT Bosh assambleyasining sentabr oyidagi sessiyasida Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qildi. Bosh vazir Mark Karni bu qaror Falastin rahbariyatining islohotlar va saylovlar bo‘yicha majburiyatlari, shuningdek G‘azodagi inqirozli ahvol bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Kanada sentyabrda BMT Bosh Assambleyasida Falastinni tan olishga tayyor
Kanada Bosh vaziri Mark Karni Nyu-Yorkdagi konferensiyada chiqish qilar ekan, mamlakati 2025-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Falastin davlatini tan olishini ma’lum qildi.

«Falastin rahbariyati uzoq kutilgan islohotlarni amalga oshirish, jumladan 2026-yilda umumxalq saylovlarini o‘tkazishga va’da berdi. Bu biz uchun muhim signal», — dedi Karni.

U Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini keskin tanqid qildi va G‘azodagi holatni «insonparvarlik falokati» deb atadi. «Minglab falastinliklar ocharchilik yoqasida, o‘n minglab odam halok bo‘lgan. Kanada bunday voqealar oldida jim turolmaydi», — dedi bosh vazir.

Karni, shuningdek, Isroil parlamenti Knessetda muhokama qilinayotgan G‘arbiy Sohilning anneksiya rejalarini tinchlik jarayoniga jiddiy tahdid sifatida baholadi.

Kanada Falastin xalqiga insonparvarlik yordami uchun qo‘shimcha 30 million dollar ajratishini, G‘arbiy Sohildagi barqarorlikni ta’minlash uchun esa yana 10 million dollar yo‘naltirishini e’lon qildi.

Bu bayonot 15 davlat, Avstraliya, Andorra, Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Kanada, Lyuksemburg, Malta, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Portugaliya, San-Marino, Sloveniya, Finlyandiya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan hujjat fonida yangradi. Ular boshqa davlatlarni ham Falastin davlatini tan olishga chaqirdi.

Bayonotda Falastinni tan olish Yaqin Sharqda tinchlikka erishish yo‘lida «asosiy qadam» sifatida ko‘rsatildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing