Komil Allamjonov Jorj Vashington universiteti dasturi maslahatchisi bo‘ldi

O'zbekiston

Komil Allamjonov Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo dasturiga maslahatchi etib tayinlandi

Komil Allamjonov Jorj Vashington universiteti dasturi maslahatchisi bo‘ldi
AQShning Vashington shahridagi Jorj Vashington universiteti Komil Allamjonovni Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari instituti (IERES) huzuridagi Markaziy Osiyo dasturiga maxsus maslahatchi sifatida tayinladi.

Dastur direktori Sebasten Peyrus ta’kidlashicha, bu tayinlov institutning asosiy maqsadlariga — tadqiqotchilar va amaliyotchilar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish hamda Markaziy Osiyodagi islohot va o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilishga — mos keladi.

Allamjonovni universitet prezidenti Ellen Granberg va Elliot nomidagi xalqaro munosabatlar maktabi dekani Alissa Eyrs samimiy kutib oldi.

Komil Allamjonov o‘z nutqida so‘z erkinligini taraqqiyotning muhim omili deb hisoblashini, shuningdek, Markaziy Osiyo hamda demokratik qadriyatlarning jahon yetakchilari va olimlari orasida chuqurroq tushunilishiga hissa qo‘shmoqchi ekanini ta’kidladi.

IERES uni O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari, ta’lim va nashriyot sohalarida tajribaga ega «tadbirkor va media mutaxassisi» sifatida ta’rifladi. Shuningdek, u yo‘l harakati xavfsizligi va sifatli ta’limni rivojlantirish tashabbuslarida faol ishtirok etadi. Uning loyihalari orasida Milliy TV, Avtotest Report va Novda Edutainment bor.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing