Markaziy Osiyoda suv muammosi

O'zbekiston

Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat o‘z iqtisodiyotini talofatga yetaklovchi, balki aholini birlamchi ehtiyojini ham qondira olmaydigan suv resurslari bilan bog‘liq muammolar iskanjasida qolib ketgan. Iqlimning keskin o‘zgarishi va suvdan unumli tarzda foydalanmaslik oqibatlarida juda ko‘p hududlar toza ichimlik suvidan mahrumligicha qolmoqda.

Markaziy Osiyoda suv muammosi
Jurnalist Sanat Kushkumbayev o‘z maqolasida ta’kidlashicha, O‘rta Osiyoning besh davlati aholisining suv iste’moli ko‘rsatkichlarini hisoblaganda, yiliga 127 million kubik metrni tashkil qiladi va shundan qariyb 80 foizi, ya’ni 100 kubik metr qishloq xo‘jaligi maqsadlarida qo‘llaniladi.

Ammo achinarli holat shundaki, bu raqamlardan atigi 50 foizi sug‘orilishi kerak bo‘lgan maydonga yetib boradi, qolgani nosoz suv yetkazish qurilmalari sabab yo‘llarda isrof bo‘ladi.

Shu sababli Markaziy Osiyo Global suv iste’moli samaradorligi reytingida hamon boshqa davlatlardan 8 barobar past ko‘rsatkichni qayd etib turibdi.

Tadqiqotlarga qaraganda, har 10 ta Markaziy Osiyo fuqarosining 3 tasida toza suv iste’moli imkoniyati mavjud emas.

Jahon Bankining analizlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib O‘rta Osiyo aholisi qariyb 90-110 millionga yetsa, bu hudud uchun suv taqsimoti masalalarida katta muamolarni keltirib chiqaradi.

Keling, CAN EECCAning iyul oyida Markaziy Osiyodagi suv resursi bo‘yicha qilgan tadqiqoti asosida, masalani hududlar kesimida ko‘rib chiqamiz:

Qozog‘iston.

Suv masalalari borasida mustaqil bo‘lmagan mamlakat. Faqatgina 2,8 foiz hududigina suv bilan ta’minlangan. Asosiy suv ta’minoti qo‘shni hududlarda joylashgan suv resurslari evaziga amalga oshiriladi. Prognozlarga qaraganda, 2030-yilga kelib,mamlakatda ichimlik suvi 23 kubik metrgacha qisqarishi kutilmoqda.

‌Qirg‘iziston

‌Qirg‘izistonda, hatto poytaxt aholisi bir necha kunlardirki toza ichimlik suvisiz yashamoqda. Hukumat tarafidan aholi ichimlik suvini faqat iste’mol uchun sarflash kerakligi haqida ogohlantirilib, boshqa ehtiyojlarga ishlatish vaziyatni yana yomonlashtirishi haqida ogohlantirilmoqda.

‌O‘zbekiston

‌Poytaxt Toshkentdan tashqari deyarli barcha hududida suv yetishmovchiligi mavjud. Tadqiqotlarga qaraganda, O‘zbekiston suv yetishmovchiligi xavfi kutilayotgan 164 davlat ichida 25- o‘rinni qayd etib turibdi. Bundan tashqari mamlakatda 2030-yilga kelib, O‘zbekiston aholisi 40 millionga ko‘payadi va suv hajmi 7-8 kubik metrga kamayadi.

‌Mutaxassislarning fikricha, yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni hal qilish yoki oqibatlarini minimallashtirishning bir nechta yo‘llari mavjud:

1.Davlatlar orasida o‘zaro hamjihatlik.

Bu suvdan foydalanish boshqaruvi unumdorligini bir necha barobarga orttiradi. Masalan, yaqinda Qozog‘iston va O‘zbekiston davlatlari o‘zaro hamkor sifatida bir-birining hududiga suv sarfi hisoblagichlarini o‘rnatishi samarali natijalarga sabab bo‘ishi kutilmoqda.

2.Suv yetkazish moslamalarining ya’ni infratuzilma holatini yaxshilash.

Agar bu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshsa, qishloq xo‘jaligi sohasida kuzatilayotgan katta miqdordagi suv isrofiga chek qo‘yilgan bo‘lar edi.



3.Muqobil suv manbalari yaratish. Bunga misol qilib transchegaraviy suv inshootlarini qurishni misol keltirishimiz mumkin.



Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Markaziy Osiyodagi suv tanqisligi xavfi tezkor va samarali choralar ko‘rishni talab qiladi. Bu borada besh davlat o‘rtasida amalga oshirilgan hamkorlik va birdamlik eng muhim masala sifatida o‘rtaga chiqadi.

Har bir qilingan samarali va to‘g‘ri tashabbus mintaqadigi o‘n minglab insonlarning hayotini tubdan yaxshi tarafga o‘zgartira oladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing