Meksika Kubaga neft yetkazib berishni pauzaga qo‘ydi

Iqtisodiyot

Meksika AQSh sanksiyalari tahdidi fonida Kubaga yoqilg‘i yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatdi va aholiga zarar yetkazmaydigan diplomatik yechim izlamoqda.

Meksika Kubaga neft yetkazib berishni pauzaga qo‘ydi
Meksika AQSh prezidenti Donald Trampning Gavana bilan hamkorlik qilayotgan davlatlarga sanksiyalar joriy etish tahdidi ortidan Kubaga neft yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum Bloomberg agentligiga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror Meksika iqtisodiyoti va tashqi siyosatiga salbiy ta’sirni oldini olish maqsadida qabul qilingan. Shu bilan birga, Meksika Kubaga sanksiyalarsiz yoqilg‘i yetkazib berish imkonini beradigan diplomatik yechimni izlamoqda.

Sheynbaum Meksika Kubaga neft yetkazib berayotgan davlatlarga nisbatan sanksiyalarni qo‘llash siyosatini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bunday bosim adolatsiz bo‘lib, gumanitar zarar keltiradi. Yoqilg‘i tanqisligi esa bevosita shifoxonalar, maktablar va boshqa ijtimoiy obyektlar faoliyatiga ta’sir qiladi hamda asosiy og‘irlik oddiy aholiga tushadi.

Meksika prezidenti AQSh va Kuba o‘rtasida diplomatik yechim topish uchun vositachi bo‘lishga tayyorligini ham bildirdi. Neft yetkazib berish to‘xtatilganiga qaramay, Meksika Gavanaga oziq-ovqat va energetikaga aloqador bo‘lmagan boshqa mahsulotlar ko‘rinishida gumanitar yordamni davom ettirmoqchi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Kuba bilan bog‘liq favqulodda holat rejimini joriy etib, Gavana siyosati Vashingtonning milliy xavfsizligi va tashqi siyosiy manfaatlariga tahdid solayotganini bildirgan edi. Bunga javoban 31 yanvar kuni Kuba AQSh bilan munosabatlar keskinlashgani fonida xalqaro favqulodda holat e’lon qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing