Milliy futbol markazi – yangi g‘alabalarga zamin

O'zbekiston

Yuqorichirchik tumanida Milliy futbol markazi foydalanishga topshirildi. Bu yerda O‘zbekiston terma jamoalari va yangi avlod futbolchilari tayyorlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev futbol mamlakatdagi eng ommaviy sport turi ekanini ta’kidladi va uni rivojlantirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lishini aytdi.

Milliy futbol markazi – yangi g‘alabalarga zamin
18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqorichirchik tumanida qurilgan Milliy futbol markaziga tashrif buyurib, uning imkoniyatlari bilan tanishdi.

Ikki yil avval davlat rahbari bu hududda zamonaviy futbol majmuasini barpo etish zarurligini aytgandi. 2023 yil noyabrida futbol infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilindi va bugun yangi markaz mamlakat futbol tizimining muhim bo‘g‘iniga aylandi.

Markaz bir vaqtning o‘zida olti terma jamoa yig‘inlarini qabul qila oladi. Buning uchun stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari, mehmonxona, plyaj futboli maydonchasi, futzal manezhi, basseyn va reabilitatsiya bo‘limi qurildi.

Majmuada to‘rtta ixtisoslashgan tuzilma faoliyat ko‘rsatmoqda:
  • Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy tadqiqot markazi,
  • Futbol terma jamoalarini tayyorlash markazi,
  • Respublika futbol akademiyasi,
  • Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi.

Markazda zamonaviy xorijiy uskunalar o‘rnatilgan, Argentina, Vengriya va Xorvatiyadan mutaxassislar jalb etilgan, VAR markazi tashkil etilgan. Akademiya yosh iste’dodlarni saralash va tarbiyalash, murabbiylar, hakamlar, tahlilchilar va menejerlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Prezident futbol mamlakatdagi eng ommaviy sport turi ekanini va uning rivojlanishi yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi. So‘nggi yillarda futbol tizimi tubdan yangilandi: bolalar maktablari va to‘garaklardan tortib, akademiyalar, klublar va chempionatlargacha. Natijalar ham bor: O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi, U-17 terma jamoasi esa Osiyo chempioni bo‘lib, jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.

Prezident yosh chempionlar bilan uchrashib shunday dedi:
«Sizlar butun dunyoga O‘zbekistonning yangi avlodi qat’iyatli va g‘ururli ekanini isbotladingiz. Endi futbolni yanada kuchliroq qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizlar – Prezident quvonchi va xalq ishonchisiz».

Futbolchilar yaratilgan shart-sharoitlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, ishonchni oqlashga va’da berishdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing